AsosiyJamiyat

Kirish imtihonlari shaffof va abiturientlar sog`ligini o`ylagan holda o`tkaziladi ---DTM

'Kirish imtihonlari shaffof va abiturientlar sog`ligini o`ylagan holda o`tkaziladi ---DTM'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda kirish imtihonlarining katta sig`imli binolarda o`tkazilishi koronavirus infeksiyasining ko`proq tarqalishiga sabab bo`lishi mumkinligi haqida fikrlar paydo bo`lgan. Davlat test markazi ushbu fikrlar yuzaidan rasmiy bayonotini berdi. 

"Hammaga ma`lumki, test sinovlarining katta sig`imli binolarda o`tkazilishi boshlanishi bilan test sinovlari adolatli va shaffof bo`lishiga erishildi. Test sinovlari 2017 yilgacha 1000 dan ortiq binolarda, xususan, oliy ta`lim muassasalari, maktab, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari binolarida kichik auditoriyalarda o`tkazilar edi. Bunda test sinovlarini Davlat test markazi tomonidan to`liq nazorat qilish imkoniyati yo`qligi har xil korrupsion holatlarga olib kelardi.

2018 yildan esa yangi tizimga o`tilib, test sinovlari katta sig`imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translyasiya qilingan holda o`tkazila boshlandi", — deyiladi Davlat test markazi bayonotida.

DTM axborot xizmatiga ko`ra, 2020 yilda ham test sinovlarini katta sig`imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translyasiya qilingan holda o`tkazish rejalashtirilgan va hozirgi kunda jarayonni sanitariya-gigiena talablariga rioya etilgan holda o`tkazish bo`yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Buning uchun alohida talablar ishlab chiqildi:

  • test sinovi o`tkaziladigan hududlarga kirish qismida antiseptik vositalar bilan jihozlangan stollar va bino ichkarisida birinchi tibbiy muolaja punkti tashkil etiladi;
  • har bir hudud navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta`minlanadi;
  • test sinovlari o`tkaziladigan binolar har bir smenadan oldin va keyin shamollatiladi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilinadi;
  • binoga kirishdan oldin abiturientlar dezinfeksiya yo`lagidan o`tkaziladi;
  • ularning tana harorati o`lchanib, har bir abiturient alohida yangi tibbiy qo`lqop va niqob bilan ta`minlanadi;
  • test sinovi o`tkaziladigan hududga kiritishda tana harorati 37 darajadan yuqoriligi aniqlangan abiturientlar test sinovlariga kiritilmasdan dalolatnoma tuzilib, tibbiy tekshiruv o`tkazish uchun hududga biriktirilgan tibbiyot xodimiga topshiriladi;
  • Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tibbiy tekshiruvidan o`tkazilgan va koronavirus kasalligi aniqlanmagan abiturientlar uchun respublika bo`yicha test sinovlari to`liq yakunlangandan so`ng to`rtinchi kuni test sinovlari o`tkaziladi.

Qayd etilishicha, ko`p sonli abiturientlar ishtirokidagi imtihonlarni onlayn tarzda o`tkazish tajribasi hech qaysi davlatda samara bermagan. Davlat test markazi tomonidan xalqaro hamkorlar bilan aloqa qilinganida ham ularning hech birida onlayn test sinovlarini o`tkazish rejalashtirilmagani aytilgan.  

"Shuning uchun rejalashtirilgan test sinovlari adolatli va shaffof o`tishini, balki imtihon jarayonida abiturientlarning sog`ligi ham birinchi o`rinda turishini ma`lum qilamiz va buni imkoni boricha ta`minlashga harakat qilamiz", — deyiladi bayonotda.

    Boshqa yangiliklar