Olma-ota bozorlarida aholi koronavirusdan profilaktika vositalari sifatida qo`y yog`i, zanjabil va erqalampirni ommaviy ravishda sotib olishmoqda. Bu haqda Sputnik Qozog`iston ma`lum qildi. Nashr muxbiri bozorlardan biriga kelib, narx-navolarni o`rgandi.
Sotuvchilarning so`zlariga ko`ra, Olmaota aholisi ko`p miqdorda dumba sotib olishni boshlagan. Ilgari qo`y yog`i kuniga atigi 2-3 kg sotib olingan bo`lsa, endi bu ko`rsatkich sezilarli darajada oshdi. Ko`pchilik bu mahsulot koronavirus va pnevmoniyani oldini olish uchun samarali vosita bo`lishi mumkinligiga ishonmoqda.
“Kecha 9 kilo dumba olib kelishdi. Bugun tushlikkacha hammasini sotib yubordik. Talab bor – odamlar kelib, qo`y yog`ini so`rashmoqda. Hatto go`shtni olishmayapti. Ayrimlar bu virusdan yordam beradimi, deb ham so`rashmoqda”, - degan go`sht sotuvchisi.
Ko`pchilik olma-otaliklar dumba shamollashni davolash, o`pkani tozalash va isitmani pasaytishga yordam berishiga ishonishadi.
Bundan tashqari, zanjabil va erqalampir (xren) infeksiyaga qarshi kurashda yaxshi vosita deb hisoblamoqda. Shifokorlar bir necha bor aholi orasida o`z-o`zini davolash bilan shug`ullanmaslikni targ`ibot qilgan bo`lsada, aholi xalq maslahatlariga ishonib, bozorda tabiiy "dori-darmon"larni izlamoqda.
"Bozorlarda zanjabil va erqalampirga talab sezilarli darajada oshdi. O`tgan juma kunidan boshlab olmaotaliklar bu mahsulotlarni ommaviy ravishda sotib olishni boshladi", deyiladi xabarda.
Sotuvchilar erqalampir narxini ilgari bir bog`lamini 50 tangaga sotgan bo`lsa, endi 300 tangaga oshirishgan.
Zanjabil ham qozog`istonliklarning oziq-ovqat ro`yxatida yana paydo bo`lgan. Qozog`istonda bu tendensiya ikkinchi marta kuzatilmoqda. Birinchi karantin paytida mamlakat aholisi ushbu mahsulotni katta miqdorda sotib olishdi, natijada uning narxi bir necha bor oshdi.
Endi zanjabil bozorda 2000 tangaga sotilmoqda. Bir necha hafta oldin uning narxi ming tangadan oshmagandi.






