AsosiyJamiyat

"Tez yordam" chaqirilganda oilada boshqa bemorlar ham bo`lishiga qaramay nega faqat bir nafar bemorga xizmat ko`rsatiladi?

'"Tez yordam" chaqirilganda oilada boshqa bemorlar ham bo`lishiga qaramay nega faqat bir nafar bemorga xizmat ko`rsatiladi?'ning rasmi

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Feruza Hamroboeva tez yordam chaqirilganda faqatgina bir nafar bemorga xizmat ko`rsatish hollari bo`yicha izoh berdi.

«Tez yordam o`z nomi bilan tez yordam, unga kelgan murojaat bo`yicha vaqt ajratiladi, negaki uni xuddi shu bemor singari boshqa bir kasal navbatda zoriqib kutib turibdi. Shuning uchun uning vakolatiga o`sha chaqiruvda yozdirilgan bemornigina ko`rish kiradi.

Shu xonadonda bemordan boshqa odamning salomatligi inqirozli holatda bo`lsa, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo`lsa, albatta, unga yordam ko`rsatishi kerak», dedi mutaxassis. 

Mutaxassis aholiga tez yordam chaqirayotganda ikkinchi yoki uchinchi odamni ham yozdirib qo`yishni tavsiya etgan.

Shuningdek, shtab a`zosi bemorda koronavirus alomatlari bo`lsayu, test natijasi bo`lmasa yoki natija manfiy chiqqan bo`lsa ham uning davolash muassasasiga yotqizilishi kerakligini eslatib o`tdi.

«Sog`liqni saqlash vazirligining 16 iyuldagi 188-sonli buyrug`iga ko`ra, COVID-19 uchun tahlil topshirmagan yoki topshirgan tahlilning natijalari manfiy bo`lib, kasallikning yaqqol klinik alomatlari mavjud bemorlarning tez tibbiy yordam tizimi yoki situasion markaz, hamda mobil guruhlarning xulosasi orqali ixtisoslashtirilgan barcha provizor kasalxonalarga yotqizilishi ta`minlanishi kerak.

COVID-19 infeksiyasining klinik belgilari bilan nafas etishmasligi, auskultativ pnevmoniya belgilari yaqqol namoyon bo`lmaganda, bemorlarning koronavirusga laborator tahlillar bo`lmagan holda ham bemorni davolash muassasasiga to`g`ridan to`g`ri yotqizishga ruxsat berilishi ko`rsatilgan», dedi Feruza Hamroboeva.

    Boshqa yangiliklar