Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev mamlakatimizdagi pandemiya holati haqida fikr va xulosalarini, o`zining telegram kanalida bo`lishdi.
"O`zbekistonda koronavirus pandemiyasining ikkinchi to`lqini ko`plab muammolarni keltirib chiqargani, ayniqsa Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sezilib qoldi. Testlar etishmasligi, kasallik alomati bor fuqarolarga tez yordam vaqtida ko`rsatilmagani yoki ularni qabul qilishga shifoxonalarda joy qolmaganligi, aptekalarda dori-darmonlar tanqisligi, uyda davolanish uchun zarur qo`llanmalar ishlab chiqilmagani, shifokorlarning zarur himoya vositalari va tibbiy uskunalar bilan to`liq ta`minlanmaganligi kabi muammolar tibbiyot tizimimiz ikkinchi to`lqin bosimiga (orada 4 oy vaqt bo`lishiga qaramay) afsus tayyor emasligiga hammamiz guvoh bo`ldik.
Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar va bloggerlar juda ko`plab tanqidiy fiklar va maqolalar e`lon qilishdi. Lekin hozir aybdorni izlashdan foyda yo`q, ehtimol koronavirusdan qutulgach yo`l qo`yilgan kamchilik va xatolarni parlament tekshiruvi asosida shoshmay o`rganib, aybdor mas`ul shaxslarga chora ko`rish imkoni bo`lar (orzuga ayb yo`q).
Aksincha, hozir birinchi navbatda, Toshkent shahrida yo`l qo`yilgan xatolardan to`g`ri xulosa chiqargan holda, hududlarni ikkinchi to`lqin bosimiga, ayniqsa gripp va shamollash kuchayadigan kuz-qish mavsumiga tayyorlash choralarini ko`rish muhim deb o`ylayman.
Birinchidan, virusga chalingan fuqarolarni yotqizish uchun hududdagi mavjud sanatoriyalar, kollej, lisey va maktablarning sport zallarida qisqa muddatlarda maxsus davolanish markazlarini tashkil etish orqali minglab yangi zahira o`rinlar (koyka) yaratish hamda boshqa kasalliklar bilan chalingan fuqarolarga yordam ko`rsatuvchi shifoxonalar quvvatini qisqartirmaslikka alohida e`tibor qaratish;
Ikkinchidan, tez yordam avtomobillariga ehtiyoj ko`payishini inobatga olib mavjud avtomobillarni to`liq tehnik ko`rikdan o`tkazish, shuningdek, hududlarda yo`nalishli taksi xizmati ko`rsatuvchi tashkilot va fuqarolarning damas (yoki boshqa minivenlar) avtomobillarini ijara va volontyorlik asosida tez yordam xizmati ko`rsatish uchun jalb qilish orqali zahira quvvat yaratish choralarini ko`rish;
Uchinchidan, hududlarda hamshira va shifokorlarning etishmaslik holatlarini oldini olish uchun hozirda nafaqada/ishlamayotgan malakali shifokorlarni hamda ishsiz bo`lib turgan o`rta maxsus diplomiga ega hamshiralarni mavsumiy yollash va ularni yangi tashkil etilayotgan maxsus karantin/davolanish markazlariga, tez tibbiy yordam avtomobillariga ro`yhat asosida biriktirish;
To`rtinchidan, har bir shahar va tumanlarda eng kamida 10 tadan kislorod konsentratorlari, pulsoksimetr zahirasini tayyorlash;
Beshinchidan, test natijalarini aniqlaydigan PCR labarotiriyalar sonini oshirish hamda testlar zahirasini shakllantirish;
Va albatta karantin choralarini saqlab qolish va unga qat`iy amal qilinishini taminlash" deb yozadi deputat.






