“Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari to`g`risida” Hukumat qarori (446-son, 20.07.2020 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma`lum qildi.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 20 iyuldan:
- koronavirus epidemiyasi davrida normativga qo`shimcha ravishda kechayu-kunduz navbatchilik qiladigan 1 nafar tibbiyot xodimi va 1 nafar haydovchidan iborat ixchamlashtirilgan mobil tez tibbiy yordam brigadalari tashkil etiladi;
- kuchaytirilgan tartib davrida har oy yakuniga qadar barcha tez tibbiy yordam brigadalarida ishlovchi xodimlarning lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo`shimcha to`lovlar o`rniga quyidagi miqdorlarda qo`shimcha moddiy rag`batlantirish to`lovlari belgilanadi:
• vrach xodimlarga – 2,5 mln so`m;
• o`rta tibbiyot xodimlariga – 1,5 mln so`m;
• haydovchilarga – 1,0 mln so`m.
Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi epidemiologik vaziyat, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmatiga kunlik chaqiriqlar sonidan kelib chiqib ixchamlashtirilgan mobil tez yordam brigadalarining vaqtinchalik normativlari tasdiqlanadi.






