Rossiya Federasiyasi va O`zbekiston yo`lovchilar hamda yuklarni havo orqali tashishga mo`ljallangan arzon narxlardagi aviakompaniyani tashkil etish imkoniyatini muhokama qildi, deb xabar berdi Rossiya Federasiyasi transport vazirligiga tayanib rg.ru.
Vazirlikning ta`kidlashicha, bugun Rossiya Federasiyasi va O`zbekiston Respublikasi o`rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning transport sohasidagi quyi qo`mitasining ikkinchi yig`ilishi videokonferensiya tarzida bo`lib o`tdi. Unga Rossiya transport vazirining birinchi o`rinbosari - Federal havo transporti agentligi rahbari Aleksandr Neradko, O`zbekiston Respublikasi transport vaziri Elyor G`aniev rahbarlik qildi.
"Tomonlar havo transporti sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini ko`rib chiqdi. Xususan, Havo transporti federal agentligi va Fuqaro aviasiyasi agentligi o`rtasida havo kemalariga yaroqlilik sohasida hamkorlik qilish to`g`risida shartnoma imzolashga tayyorgarlik ko`rish bilan bir qatorda aviakompaniyalar sonini ko`paytirish imkoniyati muhokama qilindi. Ishtirokchilar ikki mamlakat o`rtasidagi reyslar, yo`lovchilar va yuklarni tashish uchun arzon narxlarda Rossiya-O`zbekiston aviakompaniyasini yaratish to`g`risida mulohaza yuritdi”, - deyiladi xabarda.






