AsosiyJamiyat

Xitoy koronavirusga qarshi vaksinani sinash jarayonida O`zbekiston bilan hamkorlikka tayyor

'Xitoy koronavirusga qarshi vaksinani sinash jarayonida O`zbekiston bilan hamkorlikka tayyor'ning rasmi

Bu haqda O`zbekistonning Xitoydagi elchisi Baxtiyor Saidov va «Sinopharm Group» boshqaruvi raisi Lyu Szinchjen o`rtasida bo`lib o`tgan uchrashuv chog`ida ma`lum qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Muzokaralar joriy yil 7- may kuni ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoev va Si Szinpin o`rtasida bo`lib o`tgan telefon orqali muloqot chog`ida yangi turdagi koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish masalalari yuzasidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida o`tkazildi.

«Sinopharm Group» rahbari bilan uchrashuv chog`ida SOVID-19 pandemiyasi sharoitida farmasevtika sohasida, dorivor o`simliklar xom ashyosini qayta ishlash va O`zbekiston hududida dori-darmon vositalari ishlab chiqarish bo`yicha loyihalarni hayotga tadbiq etish borasidagi o`zaro hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi. 

Lyu Szinchjenning bildirishicha, hozirgi paytga qadar koronavirusdan himoya qiladigan vaksina klinik sinovlarining ikki bosqichi muvaffaqiyatli o`tgan. Bu «Xitoy milliy biotexnologiya guruhi» (China National Biotes Group, SNBG) bo`linmalaridan biri - «Sinopharm Group» guruhi tomonidan ishlab chiqilgan inaktivlashtirilgan va rekombinant vaksinadir.

Mazkur vaksina inson tanasiga yuborilganidan keyin inaktivlashtirilgan ta`sir qilish muddati 2 yil va undan ko`proq muddatni tashkil qiladi. Bugungi kunda Xitoy hududida 50 mingdan ko`proq odam ushbu  vaksinani qabul qilgani ma`lum. Joriy yil iyul oyida vaksinani ommaviy ravishda ishlab chiqarish maqsadida Pekinda ikkinchi yirik zavodning qurilishi nihoyasiga etkazildi. Natijada mamlakatning ushbu zarur mahsulotning ishlab chiqarish quvvati ikki barobarga oshgani holda yiliga 200 million dozaga etdi. Birinchi zavod Uxan shahrida qurilgan edi.

Lyu Szinchjenning ma`lum qilishicha, yaqinda Xitoy aholisi o`rtasida klinik sinovlarning oxirgi, ya`ni uchinchi bosqichi boshlangan. Bir paytning o`zida sinovlar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo`yicha hamkorlik doirasida Birlashgan Arab Amirliklarida ham o`tkaziladi. Unda 15 ming nafar odam ishtirok etadi. Shuni hisobga olib, korporasiya rahbari O`zbekiston hududida ham ana shunday sinovni o`tkazishni taklif qildi.

Muzokaralar chog`ida SOVID-19 kasalligi bilan kurash olib borishda birgalikdagi sa`y-harakatlarni mustahkamlash va farmasevtika jabhasida o`zaro hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ma`lumot tariqasida qayd etish joizki, «Sinopharm Group» kompaniyasi 1998 yil tashkil etilgan. Bugungi kunda mazkur guruh Xitoydagi eng yirik farmasevtika kompaniyasi hisoblanadi. Uning tasarrufidagi 1 ming 400 ta bo`limda 200 mingdan ziyod xodim faoliyat ko`rsatadi. Kompaniya vaksina tadqiqotlari va uning ishlanmalari uchun 140 million dollardan ziyod miqdorda mablag` ajratgan.

Koronavirus keltirib chiqaradigan kasalliklarni davolash uchun «Sinopharm» 90 dan ortiq turdagi dori-darmon vositalarini ishlab chiqaradi, ularning ijobiy samarasi 94 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, korporasiya o`zining SOVID-19 kasalligini aniqlaydigan test to`plamlarini ham ishlab chiqqan.

    Boshqa yangiliklar