O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi tomonidan ichki bozorlarda sotilayotgan tovarlarning narx-navosini asossiz oshirilishini oldini olish shuningdek, sotilayotgan tovar va ko`rsatilayotgan xizmatlarning sifati hamda narxi jamoatchilik nazorati tartibida o`rganildi. O`rganishlar davomida aniqlangan mavjud muammolar yuzasidan tegishli vakolatli davlat organlariga takliflar kiritildi. Bu haqda O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Matbuot xizmati Darakchiga ma`lum qildi.
Bundan tashqari, federasiya tomonidan har bir tuman (shahar) kesimida alohida ishchi guruh shakllantirish orqali jamoatchilik nazorati tartibida monitoring (kuzatuv-o`rganish) ham o`tkazib kelinmoqda va kunlik ma`lumotlar Federasiya markaziy apparati tomonidan umumlashtirilgan holda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha Respublika maxsus komissiyasiga, Davlat soliq qo`mitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga,shuningdek, OAVlarga taqdim etib borilmoqda.
Shuningdek, joriy yilning yakunlangan 6 oyi davomida Federasiya va uning hududiy tuzilmalari hamda tuman, shahar jamiyatlariga fuqaro (iste`molchi)lardan jami 3820ta murojaatlar kelib tushgan bo`lib, ushbu murojaatlarning 2256 tasi og`zaki, 856 tasi yozma, 708tasi esa elektron shaklda yuborilgan.
O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyaga kelib tushgan 708 ta elektron murojaatning
606 tasi “Prezidentga murojaat portali”, 97tasi yagona Davlat interaktiv poratli orqali Bosh prokuratura tomonidan belgilangan tartibda ko`rib chiqish uchun yo`llangan.
Mazkur ariza va shikoyatlarning 3289 tasi ya`ni, 86,5 % ijobiy hal etilishi natijasida iste`molchilar foydasiga jami 4 659 567 880 (to`rt milliard olti yuz ellik to`qqiz million besh yuz oltmish etti ming sakkiz yuz sakson) so`m etkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.
Federasiya va uning hududiy ijro organlari tomonidan, iste`molchilardan tushgan 13 ta murojaat asosida iste`molchilarning manfaatlarini ko`zlab sud organlariga da`vo arizalari kiritilishi va ijobiy hal etilishi natijasida 170 944 266 (bir yuz etmish million to`qqiz yuz qirq to`rt ming ikki yuz oltmish olti) so`m moddiy va ma`naviy zararlar iste`molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Bundan tashqari, Federasiya va uning hududiy ijro organlari tomonidan, iste`molchilardan tushgan jami 22 ta murojaat yuzasidan ularning qonuniy manfaatlarini ko`zlab, nazorat organlariga tegishli murojaatlar yo`llanib, ijobiy hal etilishi natijasida iste`molchilar foydasiga 11 065 000 (o`n bir million oltmish besh ming) so`m mablag` qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi
2020 yilning 2-choragi davomida Federasiya va uning hududiy bo`linmalariga fuqarolar tomonidan qilingan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda, iste`molchilardan kelib tushgan murojaatlarning 1761 tasi (46,1%)savdo sohasiga, 309 tasi (8,1%) gaz ta`minoti sohasiga, 429 tasi (11,2%) elektr ta`minoti sohasiga, 182 tasi (4,8%) suv ta`minoti sohasiga, 155 tasi (4,1%) kommunal xizmat sohasiga, 37 tasi (1,0%) sog`liqni saqlash sohasiga, 186 tasi (4,9%) xizmat ko`rsatish (servis) sohasiga, 65 tasi (1,7%) transport sohasiga, 139 tasi (3,6%) aloqa (va internet) sohasiga, 724 tasi (19,0%) esa boshqa sohalarga to`g`ri kelishini ko`rishimiz mumkin.
Federasiya tizimida tashkil qilingan 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoniga fuqarolar tomonidan hisobot davrida jami 1323 ta murojaatlar kelib tushgan bo`lib ushbu murojaatlarning qonunchilikda belgilangan tartibda ko`rib chiqilishi natijasida 1276 tasi ijobiy hal etilishiga erishildi.
Mazkur ijobiy hal qilingan murojaatlar natijasida 1 938 995 749 (bir milliard to`qqiz yuz o`ttiz sakkiz million to`qqiz yuz to`qson besh ming etti yuz qirq to`qqiz) so`m mablag` iste`molchilar foydasiga undirilgan.
Bugungi kunda fuqarolarimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida ularning tegishli murojaatlari Federasiya tizimida tashkil qilingan 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni, Federasiyaning virtual qabulxonasi, Bosh prokuraturaning elektron dasturi (crm.trask.uz) hamda Prezidentga murojaat portali orqali qabul qilib kelinmoqda. Bunda fuqaro (iste`molchi)lar real vaqt rejimida murojaatlarini qoldirishlari mumkin.






