Kiberxavfsizlik markazi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida axborot va kiberxavfsizlikni ta`minlash reytingi aniqlandi.
Reyting Kiberxavfsizlik markaziga davlat organlari tomonidan axborot va kiberxavfsizlikni monitoring qilish tizimi doirasida taqdim etilayotgan ma`lumotlar asosida baholandi.
Kuni kecha 2020 yil II choragi bo`yicha monitoring natijalari chop etildi.
Eng yuqori reytingdagi tashkilotlar Top-10 taligiga Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo`mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, qator bank va boshqa tashkilotlar, jumladan, joylardagi ijro hokimiyati organlari kirdi.
Axborot va kiberxavfsizlikni ta`minlash bo`yicha tashkilotlarning Top-10 taligi
№ | Tashkilot | Ball |
1. | Adliya vazirligi | 89,7 |
2. | “O`zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi | 88 |
3. | Davlat bojxona qo`mitasi | 88 |
4. | Namangan viloyati hokimligi | 83,9 |
5. | Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi | 81,4 |
6. | “Ipoteka-bank” ATIB | 81,3 |
7. | O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki | 80,7 |
8. | “Agrobank” ATB | 80,2 |
9. | “O`zikkilamchiranglimetall” AJ | 78,5 |
10. | Navoiy kon-metallurgiya kombinati | 77,8 |
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limining ma`lum qilishicha, Adliya vazirligi mazkur reytingda 89,7 ball bilan birinchi o`rinni egalladi.
Adliya vazirligiga O`zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasi (Lex.uz), Me`yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (Project.gov.uz), me`yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasiportali (Regulation.gov.uz), “Notarius”avtomatlashtirilgan axborot tizimi(E-notarius.uz), nodavlat notijorat tashkilotlari portali(E-ngo.uz), Davlat xizmatlari portali (Davxizmat.uz), “Intellektual mulk” axborot-qidiruv tizimi singari va boshqa yirik axborot resurslari tegishli.
Adliya organlari va muassasalarida axborot tizimlarining uzluksiz ishi, “Elektron hukumat”ni rivojlantirish, shuningdek, axborot va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishi Axborot-kommunikasiya texnologiyalarni rivojlantirish markazi tomonidan ta`minlanadi.
Barcha adliya organlari va muassasalari veb-saytlari O`zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi qonuni talablariga muvofiq faoliyati yuritmoqda.
Adliya vazirligi, shuningdek, mashhur ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar imkoniyatlaridan ham faol foydalanmoqda. Xususan, “Huquqiy axborot”, “Pravovaya informasiya” va “LegalInfo” telegram-kanallari faoliyat yuritib, ularda davlat, rus va ingliz tillarida tezkor ravishda qonunchilikdagi o`zgarishlar, huquqiy islohotlar, qabul qilinayotgan me`yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatiga doir axborotlar joylashtirib boriladi. Mazkur kanallar obunachilarining umumiy soni qariyb 300 mingga yaqin.
Bundan tashqari, aholi bilan manzilli ishlarni yo`lga qo`yish maqsadida “Uz” domenida qo`shimcha axborot-huquqiy resurslar tashkil etilgan. Milliy huquqiy internet-portal (huquqiyportal.uz), “Bola huquqlari»” (bolahuquqlari.uz) veb-sayti, Advice.uz huquqiy axborot portali va boshqalar shular jumlasidandir.
Adliya vazirligi ko`plab reytinglar, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan tuziladigan matbuot xizmatlari rahbarlari faoliyati samaradorligi reytingida ham yuqori o`rinlarni egallab kelayotgan eng shaffof davlat tuzilmalaridan biridir.
Ma`lumot uchun: bundan tashqari, O`zbekiston Milliy axborot agentligi — O`zA tomonidan tashkil etilgan “Yil tanlovi — 2019” tanlovi yakunlariga ko`ra Adliya vazirligi “2019 yilning eng namunali vazirligi” nominasiyasida birinchi o`rinni egallagan edi.