Xalq ta`limi vazirligi tomonidan Coursera platformasida jahonning etakchi oliy ta`lim muassasalari va tashkilotlarining 430 ta yo`nalishlar bo`yicha 3 800 turdagi o`quv kurslarida xalq ta`limi tizimidagi 50 000 nafar xodimlar, umumta`lim maktablari o`qituvchilari va yuqori sinf o`quvchilari uchun bepul ta`lim olish imkoniyati yaratildi.
Xalq ta`limi vazirligi hamda Coursera tashkiloti (AQSh) hamkorligida “Coursera Workforce Recovery” dasturi doirasida ta`lim tizimida faoliyat ko`rsatib kelayotgan xodimlar, umumta`lim maktablari o`qituvchilari va yuqori sinf o`quvchilari uchun bepul onlayn o`quv kurslari tashkil etilmoqda.
Aksariyat kurslar va mutaxassisliklarda talim olish odatda obuna asosida oyiga 39-79 AQSh dollarini tashkil etadi. Onlayn kurslar ingliz yoki rus tillarida olib boriladi.
Dastur doirasida maktab bitiruvchilari va yuqori sinf (10-11-sinflar) o`quvchilarini kelajakda kasbga tayyorlashda qo`shimcha zarur bilimlarni egallashlari uchun Coursera platformasida mavjud foydali kurslar ro`yxati shakllantiriladi hamda ular bo`yicha onlayn ta`lim olishlari ta`minlanadi.
Coursera onlayn kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan mamlakatimiz o`qituvchi va o`quvchilari xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarga ega bo`lishlari va qo`shimcha daromad olishlari mumkin. Ta`kidlash kerakki, ushbu sertifikat dunyoning rivojlangan davlatlarida, xususan, AQSh, Kanada, Avstraliya va ko`plab Evropa mamlakatlarida tan olinadi.
Turli mutaxassisliklar bo`yicha xalqaro sertifikatni qo`lga kiritgan tinglovchilar nafaqat kasbiy rivojlanish yo`lida ilg`or qadam qo`ygan bo`ladilar, balki onlayn freelancing platformalardan foydalangan holda o`z daromadlarini oshirish imkoniyatiga ham ega bo`lishlari mumkin. Xalqaro sertifikatlar bilan Preply, Fiver, Upwork va shu kabi freelancing platformalarida qo`shimcha daromad topish mumkin.
Mazkur kurslarda ta`lim olish uchun tinglovchilardan ingliz tili yoki rus tilini bilish darajasi kamida B1 bo`lishi talab etiladi.
Onlayn ro`yxatdan o`tish uchun: https://bit.ly/37wDabK
Batafsil ma`lumot uchun: https://t.me/courserauz.
Coursera yordamida yangi bilim va ko`nikmalarga ega bo`ling!






