SSV O`zbekistonda koronavirusning navbatdagi qurboni haqida xabar qildi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahrida yashovchi 42 yoshli B.D.da (erkak) joriy yil 3 iyul kuni “COVID-19” infeksiyasi tasdiqlangan va Qoraqalpog`iston Respublikasi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Unga “COVID-19” infeksiyasi o`ta og`ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan. Xastalik o`tkir nafas etishmovchiligi, o`tkir respirator distress sindromi, o`tkir yurak qon-tomir etishmovchiligi, poliorgan etishmovchiligi, semizlik 2-darajasi asoratlari bilan kechgan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o`tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og`irlashib, o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligidan vafot etgan.






