AsosiyJamiyat

Energetika vazirligi deputat Rasul Kusherbaevga e`tiroz bildirdi

'Energetika vazirligi deputat Rasul Kusherbaevga e`tiroz bildirdi'ning rasmi

Biroz avval deputat Rasul Kusherbaevning asabini Monopolistlarimizning “bezbetlarcha” katta-katta mablag`larga ega bo`layotganligi tarang qilayotganligi haqida yozgan edik.

O`zbekiston respublikasi Energetika vazirligi deputatga e`tiroz bildirmoqda.

«O`zbekneftegaz» AJga 401 mlrd. so`mlik subsidiya, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ uchun 500 mlrd. so`mlik subsidiya va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ uchun 250 mlrd. so`mlik subsidiya shaklida davlat  yordamining ko`rsatilishi iste`molchilarni, eng avvalo O`zbekiston aholisini  muntazam ravishda sifatli gaz va elektr energiyasi bilan ta`minlash zaruriyati bilan izohlanadi.

Qayd etish zarurki, ushbu mablag`larning ajratilishi to`g`risidagi qaror O`zbekiston Prezidentining qaroriga asosan maxsus komissiya tomonidan qabul qilingan.

Ma`lumki, elektr va gaz ta`minoti sohalari barqaror faoliyat yuritishi uchun katta moddiy xarajatlar talab qilinadi. Bu eng avvalo, har kunlik jarayon bilan bog`liq bo`lib, unda ulkan sanoat zanjiri ishtirok etadi. Ushbu zanjir tarkibida elektr energiya ishlab chiqaruvchi, er qa`ridan gaz oluvchi, uni etkazib berish, taqsimlash bilan, ayni paytda gaz va elektr ta`minoti tizimlarining holatini kuzatish bilan shug`ullanuvchi kompaniyalar mavjud.

Bundan tashqari, har yili yoz faslida bu sohada butun tizimni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, yilning sovuq faslida uzulishlarga yo`l qo`ymaslik maqsadida qo`shimcha ishlar olib boriladi.

Ayni paytda, karantin davrida O`zbekiston aholisini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash maqsadida elektr energiya va gaz ta`minotidan ularning iste`moli uchun o`z vaqtida haq to`lamaganlarni tarmoqdan uzmaslik to`g`risida qaror qabul qilingan. Shu sababli elektr energiyasi va gaz etkazib berish bo`yicha butun tizimning faoliyat yuritishi uchun zarur bo`lgan mablag`lar bilan ularning iste`moli uchun kelib tushayotgan mablag`lar o`rtasida uzulish vujujga keldi.

Faoliyatimizning bosh samarasi – aholini zarur elektr energiyasi va gaz bilan barqaror ravishda ta`minlashdan iborat.

Bu ish esa, mazkur soha mutaxassislari, COVID-19 tarqalgan xavfli bir sharoitda, masofali ishlash imkoniyatiga ega bo`lmagan holda, o`z ish o`rinlarini tark etmay, faoliyat yuritib kelayotgan minglab mutaxassislar tomonidan ta`minlanmoqda.

Ayni paytda, to`lovlar bilan bog`liq vaziyat yaxshilangach, davlat tomonidan sohani qo`llab-quvvatlashga ajratilgan mablag`lar byudjetga qaytariladi.

Shuni ta`kidlash kerakki, deputat R.Kusherbaevning balandparvoz fikrlarni bildirishdan avval o`zi tilga olgan tuzilmalarga murojaat qilgan taqdirda, u shubhasiz tegishli javoblarni olgan bo`lar edi. Mas`uliyati shaxslar tomonidan bildiriladigan fikrlar masalaning mohiyatini yaxshi bilishga asoslanishi kerak. Buning natijasida faqat asossiz da`volarga o`rin qolmas edi.

Qo`lda deputatlik mandati bilan o`z sog`ligini xavf ostiga qo`yib, barcha sanitariya-gigiena talablariga amal qilgan holda pandemiya sharoitida o`zining jasoratli mehnatini davom ettirayotgan mutaxassislarning ishiga e`tibor bermaslik mumkindir. Aslida esa masalaning mohiyatiga etish uchun joylarga, hududlarga borish, ushbu mutaxassislar bilan uchrashish lozim edi.

Ushbu davrda iqtisodiyotni qo`llab-quvvatlash bo`yicha choralar dunyoning barcha mamlakatlarida qabul qilinmoqda, Evropa komissiyasi, AQSh hukumati va boshqa mamlakatlar hukumatlari tomonidan qabul qilinmoqda.

O`zbekistonda ham iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda" deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar