Voqea 20 iyul kuni soat 18:00 larda Qo`shtepa tumanidagi Soybo`yi mahalla fuqarolar yig`ini hududida sodir bo`lgan. Bu haqda Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati yozmoqda.
"Xizmat olib boruvchi profilaktika inspektori, katta leytenant Akbarali Tursunov hamkasbi, leytenant Asilbek Obidov bilan birga xizmat burchini bajarib, avtoulovda tuman ichki ishlar bo`limi binosiga kelishayotgan edi.
Ular tumanning Langar mahallasi hududidan o`tishayotganda shu erdan oqib o`tgan Katta Farg`ona kanali yoqasida kutilmagan bir holatga duch kelishdi. Qirg`oqda bezovta holatda turgan bir ayol o`zini suvga tashlashga chog`lanar, kanalning narigi yuzida turgan bir-necha kishi esa qichqirib, uni to`xtatishga urinishardi.
Profilaktika inspektorlari avtomashina rulini darhol o`sha tomonga burishdi. Ammo, ular etib borib mashinadan tushgunicha ayol o`zini kanalga tashlab yubordi.
Katta leytenant Akbarali Tursunov ikkilanib o`tirmay darhol o`zini suvga otdi. Leytenant Asilbek Obidov va ular bilan xizmatga jalb etilgan Milliy gvardiya qo`riqlash xizmati safdor xodimi Hasanboy Jo`raboev ayolni shiddatli oqimdan chiqarib olishda unga yordam berishdi. Xullas, uni qutqarib suvdan chiqarib olishdi.
Ma`lum bo`lishicha, qutqarib olingan qiz shu tumanda yashovchi K.G. bo`lib, oilasidagi muammolar, stressli vaziyatlar tufayli ruhiy holati yomonlashib, o`z joniga qasd qilishga uringan ekan.
K.G. ayni paytda ruhiy holatini tiklash uchun Farg`ona viloyati ruhiy-asab kasalliklar shifoxonasiga davolash uchun yotqizildi.
Qizning yaqinlari va mahalla ahli bir inson hayotini saqlab qolgani uchun osoyishtalik posbonlaridan minnatdor bo`lib, rahmat aytishdi.






