“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida” Qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.
Qonun bilan qator qonunlar va kodekslarga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritildi.
Xususan, “Ma`muriy javobgarlik to`g`risida”gi kodeks 197⁵ - modda bilan to`ldirildi.
️Unga ko`ra, ta`lim muassasalari pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta`lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishga to`sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo`lishi belgilandi.
Bunday huquqbuzarlik uchun:
- fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHMning) 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 115 ming so`mdan 1 mln 561 ming so`mgacha);
- mansabdor shaxslarga esa BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida (1 mln 561 ming so`mdan 2 mln 230 ming so`mgacha) jarima qo`llaniladi.
Shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa:
- fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 561 ming so`mdan 2 mln 230 ming so`mgacha);
- mansabdor shaxslarga esa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida (2 mln 230 ming so`mdan 3 mln 345 ming so`mgacha) jarima qo`llanishi mumkin.
Ushbu huquqbuzarlik sodir etilganda ta`lim muassasasining pedagog xodimi ma`muriy bayonnoma tuzmasdan o`z arizasida huquqbuzarning shaxsi, huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati to`g`risidagi ma`lumotlarni hamda boshqa zarur bo`lgan ma`lumotlarni ko`rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.






