«Tez yordam» ko`rsatuvining navbatdagi sonida Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasi vakili Klara Yodgorova gidroksixloroxin dorisining zarari haqida gapirdi:
«Pandemiya avvalida koronavirusni davolash uchun aniq dori vositasi yo`q edi. Shunda xloroxin, gidroksixloroxin, azitromisin kabilarni qo`llash boshlandi.
O`rganishlar natijasida olimlar bu dorilarning nafaqat samara bermasligi, balki bemorlarda o`lim xavfini oshirishi mumkinligini aniqlashdi.
O`zbekistonda 13 iyul kuni Sog`liqni saqlash vaziri buyrug`i bilan tasdiqlanib, chop etilgan qo`llanmada gidroksixloroxin olib tashlangan" - dedi mutaxassis.
Ko`rsatuvda gidroksixloroxin oxirgi davolash qo`llanmasidan chiqarib tashlangan bo`lsa-da, uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatilishi kutilayotgan dorilar to`plamiga kiritilganicha qolayotgani aytildi.
Shuningdek, Klara Yodgorova:
"O`zbekistondagi barcha tibbiyot muassasalari — SSV tizimidagi shifoxonalar ham, xususiy shifoxonalar ham oxirgi tasdiqlangan davolash qo`llanmasiga rioya qilgan holda ish ko`rishi shart.
O`ylaymanki, respublika maxsus komissiyasi yangi qo`llanmaga asoslangan holda bepul tarqatiladigan dorilar to`plamini qayta ko`rib chiqib, bu dorini tarqatishni to`xtatadi", - dedi ko`rsatuv davomida.






