Prezident Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida” Qonunni imzolagan edi.
Qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi (MJtK) kodeksning 17¹-moddasi oltinchi qism bilan to`ldirildi.
Unga ko`ra, tezkor va maxsus xizmatlarning ko`k yoki qizil yoxud ko`k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signallar bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga yo`l bergan haydovchilar tomonidan sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarliklar foto va videoqayd etish maxsus texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, haydovchilarning ma`muriy huquqbuzarligi oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb topiladi va ma`muriy ish tugatiladi.
Shuningdek, MJtKning 128⁵-moddasiga kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, yuqoridagi transport vositalarining to`siqsiz o`tib ketishiga halaqit berish bir yil davomida takror sodir etilsa, 5 mln 575 ming so`m miqdorida jarimaga tortilishi belgilandi (amalda 4 mln 460 ming so`m edi).
Bundan tashqari, MJtKning 47-moddasiga kiritilgan o`zgartirishlar bilan ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga etmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi.
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






