Cingapurning “Temasek Foundation” fondi 30 dona “Yuvell 7F-5” kislorod konsentratorini beg`araz asosda taqdim etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Kecha, 22 iyul kuni yuklarni O`zbekiston tomoniga rasmiy topshirish marosimi bo`lib o`tdi.
Kislorod konsentratorini mamlakatimizga jo`natish bilan bog`liq tashkiliy jarayon O`zbekistonning Singapurdagi elchixonasi tomonidan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 20 iyul kuni o`tgan Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiya bilan bog`liq holat hamda uni barqarorlashtirish bo`yicha chora-tadbirlar masalalariga bag`ishlangan videoselektordagi topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Singapur tomonining 30 ta kislorod konsentratorini etkazib berish bo`yicha qaror O`zbekistonda COVID-19 ga qarshi kompleks chora-tadbirlar va qat`iy harakatlarni amalga oshirish maqsadida o`z vaqtida va manzilli ko`rsatilgan yordam bo`ldi.
Eslatib o`tamiz, bu hamkor mamlakatning O`zbekiston tibbiy muassasalarining samarali faoliyat yuritishi uchun taqdim qilgan ikkinchi insonparvarlik yordamidir. Bundan oldin Singapur mamlakatimizga 5 ming dona PSR test tizimlarini yuborgan edi.
Uskunalarni mamlakatimizga olib kelish uchun 22 iyul kuni "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan Shanxay shahri orqali reys tashkil qilindi. Ayni paytda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi kislorod konsentratorlarini qabul qilib oldi.






