1

Yana dorixona mavzusi: Bosh prokuratura noqonuniy faoliyatda bo`lgan 21 ta holatni aniqladi

Jinoyat 23.07.2020, 12:19
Yana dorixona mavzusi: Bosh prokuratura noqonuniy faoliyatda bo`lgan 21 ta holatni aniqladi

Joriy yilning 6 oyi davomida, Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o`tkazish maqsadida ishlab chiqarish va muomalaga kiritish bilan bog`liq 21 ta holat aniqlanib, noqonuniy muomalada bo`lgan 737 020 ming so`mlik dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo`yilgan. Bu haqda Bosh prokuratura "Darakchi"ga xabar bermoqda. 

Misol uchun, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yakkasaroy tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Shokirov xorijda ishlab chiqarilgan va qo`lbola usulda qadoqlangan “Arbidol” dori vositasini har bir quttisini 450.000 so`mdan hisoblab, 40 qutisini xaridorga 18 mln so`mga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shu kunning o`zida olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, Shokirov mazkur dori vositasini “Telegramm” dasturidagi dori vositalarining oldi-sotdisi bilan shug`ullanish maqsadida ochilgan “Onp_uzb” nomli kanal orqali tanishgan Ikromov va Sunnatov ismli shaxslardan qayta sotish maqsadida har bir quttisini 
320 ming so`mdan hisoblab 40 quttisini 1.200 AQSh dollari va 560 ming so`mga sotib olganligini bayon etgan.

Fuqaro Shokirov pushaymonlik to`g`risida ariza bilan murojaat qilib, unda fuqaro Ikromov va Sunnatovlarning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo`yishda yordam berishini so`ragan. Mazkur murojaat yuzasidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Ikromov va Sunnatovlar tomonidan fuqaro Shokirovga xorijda ishlab chiqarilgan va qo`lbola usulda qadoqlangan “Arbidol” dori vositasining har bir quttisini 320 ming so`mdan hisoblab, 110 quttisini jami 35,2 mln so`mga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Departamentning Yakkasaroy tuman bo`limi tomonidan tergovoldi tekshiruv harakatlari o`tkazilmoqda.

Chilonzor tumani

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman bo`limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda “A.V.F” MChJga qarashli dorixonada o`tkazilgan tezkor tadbirda, jamiyat rahbari A.I. va dorixonaning norasmiy sotuvchisi I.K.lar 4 dona “Regapen 150 mg” dori vositasining har bir donasini 15 ming so`mdan hisoblab jami 60 ming so`mga fuqaro M.Sh.ga sotishgan vaqtda ushlanib, 780 ming so`mlik xorijda ishlab chiqarilgan dori vositalari va ushbu dorilar savdosidan tushgan 
7,7 mln. so`m ashyoviy dalil sifatida olib qo`yilgan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbari A.I. va norasmiy sotuvchi I.K.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 251*1-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Farg`ona viloyati boshqarmasi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg`ona viloyat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.X. 250 dona “Tramadol Lannaxer 50 mg” dori vositasini fuqaro A.X.ga 2,5 mln. so`mga sotishga kelishib, shundan 100 donasini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro B.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Chilonzor tumani

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman bo`limi tomonidan Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, “K.F.” MChJga qarashli dorixona rahbari A.A. xorijda ishlab chiqarilgan 14 dona “Regapen 300 mg” dori vositasining har bir donasini 40 ming so`mdan hisoblab jami 560 ming so`mga fuqaro B.N.ga sotgan vaqtida ushlanib, noqonuniy muomalaga kiritilgan 14 dona “Regapen 300 mg” dori vositasi va dorixonada noqonuniy ravishda muomalaga kiritish maqsadida saqlanayotgan 905 dona “Regapen 300 mg” dori vositasi jami 46 mln. so`mlik xorijda ishlab chiqarilgan dori vositalari hamda ushbu dori vositalari savdosidan tushgan 10,8 mln. so`m ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbari A.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 251*1-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Andijon tumani

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon tuman bo`limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro N.U. 15 dona “Tropikamid Sterilno 1,0 %, 10 ml” va
42 dona “Lyrica Kapsul Pregabalin 300mg” nomli dori vositalarini jami 
2,5 mln. so`mga fuqaro Sh.Q.ga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro N.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 251*1-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Olmazor tumani

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro N.R. va M.A.lar “Arbidol” dori vositasini har bir qutisini 32 AQSh dollaridan hisoblab 200 qutisini 2 000 AQSh dollari va 44,7 mln so`mga fuqaro M.U.ga qonunga xilof ravishda sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro N.R. va M.A.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 186*3-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Shayxontohur tumani 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shayxontohur tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.B., Sh.K. va J.A.lar oldindan til biriktirib, 100 quti “Arbidol” dori vositasini har bir qutisini 450 ming so`mdan hisoblab, jami 4 000 AQSh dollari va 5 mln so`mga fuqaro V.Q.ga qonunga xilof ravishda sotishgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro A.B., Sh.K. va J.A.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 186*3-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Yunusobod tumani

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.R., O.Yu. va boshqalar o`zaro oldindan til biriktirib, 100 quti “Ergoferon” dori vositasining har bir qutisini 130 ming so`mdan hisoblab, jami 13 mln so`mga fuqaro Sh.K.ga qonunga hilof ravishda sotishgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.R., O.Yu. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186*3-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1