AsosiyJamiyat

Shifokorlarni 24 soat ishlatib biror natijaga erishib bo`lmaydi —deputat

'Shifokorlarni 24 soat ishlatib biror natijaga erishib bo`lmaydi —deputat'ning rasmi

Ushbu mavzuda Xalq deputatlari Arnasoy tuman Kengashi deputati Farrux Abduhamidov bir qancha fikrlarini bayon etdi. 

"Ko`pchilik virusning keng tarqalib ketishiga sabab qilib odamlarni beparvoligini keltirmoqda. Ammo eng katta sabab mas`ul tashkilotlarning o`z vazifasiga sovuqonlik bilan qaraganida.

Jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi 917.8 million so`m, Namangan viloyatidagi 248.9 million so`m, Navoiy viloyatidagi 222.3 million so`m, Andijon viloyatidagi 159.3 million so`m, Buxoro viloyatidagi 204.6 million so`m hamda Parkent tumanidagi 397.6 million so`m talon-taroj qilingan mablag`lar maqsadli o`sha hududlarda virus tarqalib ketishining oldini olishga sarflanganda edi, bugun kasallik bu darajada tarqab ketmagan bo`lardi. Bunday mas`uliyatsizliklarga yana ko`plab misollar keltirdik. (https://t.me/altruist_info/970) Juda ko`pchilik tomonidan ham ijtimoiy tarmoqlarda ogohlantirishlar aytildi.  

Yaqinda bosh vazir o`rinbosari Begzod Musaevning virusning keng tarqalishini oldini olish uchun Toshkent shahrida 10 ming shifokorlarni doimiy ravishda 24 soatlik ish rejimiga o`tkazib natijaga erishish haqidagi fikriga qarshiman. Inson texnika emaski vaqtida kerakli xizmatni ko`rsatib 24 soat ishlatsang. Bunday holat ish samaradorligiga salbiy ta`sir qiladi. Vaqt o`tib bizni bu tanlagan yo`limiz samara bermadi deb turish bu eng katta xato bo`ladi. (Xuddi qon zardobidan foydalanish samarasiz bo`lgani kabi).

So`ngi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlarning berilgan va`dalar va yaratilgan sharoitlardan nolib o`z vazifalariga sovuqonlik bilan qarayotgan holatlari ham uchramoqda. Agar hozir Begzod Musaev aytgan choralar ish bergan taqdirda ham shifokorlarimiz hukumat bergan va`daga ishonishlari uchun 14 kun vaqt kerak. Yani haqiqatdan ham 14 kundan keyin barcha tibbiyot xodimlari va`da qilingan sharoitda ishlab, aytilgan pul mablag`larini olishi kerak.

 Butun dunyodagi va O`zbekistondagi virusning keng tarqalishini va kelayotgan kuz va qish faslidagi virus tarqalishi uchun qulay bo`lgan iqlim sharoitini hisobga olib bir taklifni aytib o`tmoqchiman. Birinchidan, bizning shifokorlarimiz o`z burchlariga sodiq qolib kasallik chekinganicha xizmat vazifalarini olib borganda ham 6-7 oylik kurash ularni holdan toydiradi.

Ikkinchidan, bugun ko`plab tibbiyot xodimlari beparvoligi va o`z vaqtida etarli darajada ximoya vositalarining etkazib berilmaganligi sabab o`zlari ham infeksiyani yuqtirib olib davolanmoqda. Bu holat ham ish samaradorligiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.  

Uchinchidan, koronavirus infeksiyasi katta yoshdagi insonlar hamda turdosh kasalligi borlarga yuqish imkoniyati yuqori. O`zbekiston tibbiyotining tajribali shifokorlarining katta qismini pensiya yoshidagi shifokorlar tashkil etadi. Shu bois, karantin zonalaridagi og`ir ahvoldagi bemorlarni davolash uchun kadrlar etishmovchiligini ta`minlash maqsadida oxirgi 1-2 yilda olis hududlarga yuborilgan tibbiyot akademiyasining yosh kadrlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga chaqirib olinmoqda. Xudo ko`rsatmasin bu yosh kadrlar kasallik o`chog`ida kurash olib borayotgan bir vaqtda o`zi faoliyat olib borayotgan respublikaning olis hududidagi tuman yoki shaharda bu kasallik keng avj olsa, bemorlarni kim davolaydi?

Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, koronavirus infeksiyasining keyingi to`lqiniga tayyor turish uchun respublikamiz bo`ylab ko`ngillilar guruhini shakllantirish kerak. Bu guruhda foliyat olib borishni istaganlar tibbiyot oliygohlarini bitirgan bo`lishi shart emas. Barcha oliy ta`lim muassasalarida 3-bosqich talaba qizlariga hamshiralik ishi o`rgatiladi, (ayrim oliygohlarda esa o`g`il bolalar ham o`qitilgan)  bundan tashqari xususiy o`quv kurslarida saboq chiqarganlar ham bor.  

Ko`ngillilarni jamlab guruhlarga ajratib, ikki oy muddatda faqatgina koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun bilim va ko`nikmaga ega qilib tayyorlash kerak. Biz yangi kuch va imkoniyat bilan keyingi qadamni tashlasakkina ijobiy natijaga erishishimiz mumkin. Aks holda holdan toygan va tizimli ish rejimiga ega bo`lmagan tibbiyot tizimimiz bilan g`alabaga erishishimiz shubha ostida qolaveradi" deydi deputat.

    Boshqa yangiliklar