AsosiyJamiyat

O`zbekistonga COVID-19ga qarshi kurashda ko`mak berish uchun turk mutaxassislari kelishdi

'O`zbekistonga COVID-19ga qarshi kurashda ko`mak berish uchun turk mutaxassislari kelishdi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligining  ma`lumotiga ko`ra, Turkiya Sog`liqni saqlash vazirligi o`rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida erishilgan kelishuvlarga asosan yurtimizdagi COVID-19ga qarshi kurash markaziy shtabiga koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo`yicha konsultantlari sifatida turk mutaxassislari tashrif buyurdilar.  

Ular orasida Turkiyaning Medipol universiteti ilmiy kengashi a`zosi, yuqumli kasalliklar bo`yicha mutaxassis, professor Rejep Oztyurk, Xasettepe universiteti ilmiy kengashi a`zosi, jamoatchilik salomatligi bo`yicha mutaxassis, professor Levent Akin va Anqara shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo`yicha mutaxassisi, professor Xatise Raxmet Gyuner bor.

Bugun yurtimiz Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov konsultantlarni qabul qildi va mamlakatimizda  COVID-19ga qarshi olib borilayotgan choralar haqida batafsil gapirib berdi.

Uchrashuv ishtirokchilari yangi koronavirus infeksiyasini profilaktikasi va davolashning amaliy jihatlari, ushbu sohadagi hamkorlikning holati va istiqbollarini muhokama qilishdi. Tadbirda sog`liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning tafsilotlari ham muhokama qilindi.

Turkiya mutaxassislari bilan sog`liqni saqlash sohasida keng hamkorlik yo`lga qo`yilgani ta`kidlandi. Bunda ta`lim sohasidan tortib, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari o`rtasidagi tajriba almashuv, murakkab jarrohlik amaliyotlarini birgalikda o`tkazish, tibbiy jihozlar bilan ta`minlashgacha  yo`nalishlar qamrab olingan.

Tomonlar turli yoshdagi bemorlarda COVID-19 kasalligi, yangi turdagi koronavirus infeksiyasining xarakterli belgilari, ushbu kasallikning o`ziga xos belgilari, diagnostika usullari, davolash protokollari, sog`aygan bemorlarni kuzatish va boshqa mavzularni muhokama qildilar. Reanimasiya bo`limlarida o`ta og`ir bemorlarni davolashning so`nggi usullariga alohida e`tibor qaratilayotgani aytildi.

COVID-19 global muammosining inqirozli ko`rinishlarini oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, oldingi saflarda xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlarini rag`batlantirish hamda kasalligi gumonlanganlarni karantinga olish va bemorlarni davolash tadbirlari butunlay davlat tomonidan qoplanishi bo`yicha O`zbekiston rahbariyati tomonidan ko`rilayotgan chora-tadbirlar to`g`risidagi ma`lumotlar Turkiya vakillarida katta qiziqish uyg`otdi.

Tashrif davomida turk mutaxassislari tibbiyot muassasalari, jumladan birlamchi tibbiyot muassasalari va Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilgan ko`p tarmoqli maxsus shifoxona ish faoliyati, kasallangan bemorlarni davolash bayonlari, yurtimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog`liq bo`lgan epidemiologik vaziyatni batafsil o`rganib chiqadilar, ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etadilar hamda yurtimizning turli hududlarida davolanayotgan ahvoli o`ta og`ir bemorlarning holatini yaxshilash maqsadida onlayn videokonferensiyalar o`tkazadilar.  

Shuningdek, Turkiya Respublikasining COVID-19ga qarshi kurashda ijobiy tajribalarini O`zbekistonda qo`llash imkoniyati ko`rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o`tamiz, koronavirus infeksiyasiga chalingan ahvoli og`ir bemorlar holati, ularni davolash jarayonini tahlil qilish va kerakli o`zgartirishlarni kiritish maqsadida xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida videokonferensiyalar muntazam tashkil etilmoqda.  

Ayni paytda Germaniyaning etakchi tibbiyot mutaxassislaridan bo`lmish professor Verner Ber ham mamlakatimizdagi COVID-19ga qarshi kurash markaziy shtabida koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo`yicha konsultant sifatida bo`lib turibdi. U mamlakatimizning turli hududlarida ahvoli og`ir bemorlarni samarali davolash bo`yicha zarur tavsiyalarini bermoqda, natijada davo-muolajalarini korreksiya qilishga erishilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar