AsosiyDunyo

Saudiya Arabistonida jonivorlar uchun karantin qoidalari belgilandi

'Saudiya Arabistonida jonivorlar uchun karantin qoidalari belgilandi'ning rasmi

Saudiya Arabistonida qurbonlik uchun saralangan hayvonlar maxsus tekshiruvdan o`tkaziladi. Ular so`yilgandan keyin tekshirilib, odamlarga tarqatiladi.

Pandemiya sabab 2020 yil Qurbon hayiti uchun mo`ljallangan jonivorlarning Saudiyaga keltirilishi va sog`lig`i yuzasidan yangi tartiblar joriy etildi. Bu haqda Gulfnews manbasiga tayanib Kun yozmoqda.

Manbada aytilishicha, qurbonlikka mo`ljallangan hayvonlarning go`shti egalariga etkazilguncha olib kelinayotgan mamlakatning o`zida tekshiruvdan o`tkaziladi. Saudiya Arabistoni davlat agentligi xabariga ko`ra, qurbonlikka keltiriladigan jonivorlarning xavfsizligiga ishonch hosil qilish uchun qat`iy tibbiy qoidalar belgilab chiqildi.

Saudiya Arabistoni qurbonlik go`shtidan foydalanish dasturiga ba`zi qo`shimchalar kiritildi. Jumladan, Fors ko`rfazi hamkorlik kengashining 6 a`zo mamlakati hayvonlarni Saudiya Arabistoniga keltirishdan oldin amaldagi veterenariya va karantin qoidalariga muvofiq tekshiruvdan o`tkazishi majburiy qilib qo`yildi. Agentlik xabariga ko`ra, barcha qurbonlik hayvonlari muqaddas Makka shahridagi Saudiya Arabistoni atrof-muhit, qishloq va suv xo`jaligi vazirligi kuzatuvida bo`ladi. Jonivorlar olib kelingan mamlakatidan Jidda portigacha maxsus karantin qafaslarida bo`ladi va ruxsat berilgandan so`ng Saudiyaga kiritiladi.

Shuningdek, bunday hayvonlar so`yish uchun tozalanishidan oldin keng qamrovli tekshirish uchun saralanadi. Ularning sog`lomligi va shariatning qurbonlik jonivorlari uchun qonunlariga mos ekanligini nazorat qilish uchun qushxonalarda ko`rikdan o`tkaziladi. Hayvonlar go`shtini muzlatkichlarga joylashtirishdan oldin ularning ichki qismlari veterinarlar tomonidan tekshiruvdan o`tkaziladi. Tayyor go`shtlar imkoniyati cheklangan, nochor oilalarga tarqatiladi. Go`shtlarni yuklash jarayonida uning xavfsizligi va gigiena qoidalariga muvofiqligiga ishonch hosil qilish uchun muhim me`yorlar qabul qilingan.

Agentlik qurbonlik jonivorlarining xaridida hayvonlarning sog`lig`i bilan bog`liq qoidalarga beparvo bo`lgan lisenziyasiz fermalardan jonliq sotib olmaslik uchun shoshilinch ogohlantirish berdi. Agentlikning ushbu loyihasi Saudiya Arabistoni tomonidan taklif qilingan qurbonlik xizmatlaridan foydalanish qulay bo`lgan www.adahi.org veb saytini tavsiya qildi.

Qurbon hayiti davomida imkoniyati etgan musulmonlar mol, tuya, qo`y, echki kabi hayvonlarni qurbonlik qiladilar. Barcha musulmonlar bu farz Ibrohim alayhissalomdan qolganligi va u Allohning buyrug`i bilan o`z o`g`li Ismoilni qurbonlikka berganligini yodga oladilar. O`shanda Ibrohim va Ismoil payg`ambarlar muqaddas buyruqqa bo`ysunadilar va shu uchun Alloh mukofot sifatida ularga qurbonlik uchun qo`chqor yuboradi.

Qurbonlik qilish marosimi Qurbon hayitining 4 kuni davomida o`tkaziladi. 2020 yilda Iyd al-Adha, ya`ni Qurbon hayiti 31 iyulga to`g`ri kelishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar