Yaqinda Samarqand viloyatiga mehmonga bordim. Meni kutib olgan eski tanishim shaharni aylantirmoqchiligini aytdi. “Bu erning “GAI”lari o`zimizniki, bemalol qo`rqmasdan yuravering”, - dedi. Vaholanki, hali biron safar DAN hodimlaridan qo`rqib mashina boshqarganimni eslolmayman. Chunki doim qoidalarga amal qilaman, hujjatlarim ham joyida. Hali birga yurganimizga 10 daqiqa bo`lmasidan, do`stim shaharni o`rgatishni boshladi: “Qizil chiroqda ham o`tavering, bu erda kameralar yo`q”, “50 dan oshiravering, radar qo`yilmagan”, “qarama-qarshi harakat yo`lidan haydab yuboring, o`tirasizmi kutib”... Bu gaplar jaxlimni chiqarishni boshladi. Mehmonligim bois, indamaslikka majbur edim. Lekin baribir o`z bilganimdan qolmadim. Hayolimda bir fikr: “Nahotki, 10 daqiqalik, 10 kilometrlik masofada shuncha qoidabuzarlik sodir etishimiz mumkin edi...”
Mashinalar signalidan sergak tortdim. Qarasam, svetoforning ogoxlantiruvchi sariq chirog`i endigina yongan, men esa tirbandlikda taxminan 7-8-navbatda turibman. Ortimdagilar esa signal chalishni kanda qilishmayapti. Bu holatdan battar asabiylashishga tushdim. Bu shovqin-suronlar, haydovchilarning bir-biriga hurmatsiz munosabatlari, kim o`zarga o`ynashlar, ogohlantiruvchi chiroqlarini yoqmasdan to`satdan burilishlar, xullas, hammasi xunobimni oshirdi. Turistlar oqimi katta bo`lgan shaharda bu juda uyatli va achinarli manzara edi. Haydovchilik madaniyatimiz shu darajadami?
Bu nafaqat Samarqandda, balki respublikamizning barcha manzillarida kuzatiladigan achinarli holat. Banklarga kirsangiz, bank kassasida navbatda turganlarning aksariyati yo`l harakati qoidalarini buzganligi sababli jarima to`lash uchun navbatda turishadi. Ular ichida millionlab so`mlarni topshirayotganlari ham bor. Mana shunday vaziyatlarda qonunga bo`ysinuvchi ekanligim uchun o`zimdan hursand bo`lib ketaman. Qoidaga amal qilishsa, shuncha pulni ro`zg`orining biror bir kamiga ishlatgan bo`lishi mumkin ediku?... Bu savolni ularga bersam, “Aka, biz bir sodda, omi odam bo`lsak, qoidani qaerdan bilaylik”, - deyishadi. Vaholanki, bu “sodda, omi”larning barchasi imtihonlardan "o`tib", davlat gerbi muhri tushirilgan haydovchilik guvohnomalarini olishgan.
O`zimga berayotgan savollarim shunchalik ko`p ediki, ming bir hayollar bilan qanday aylanganimizniyam bilmayman. Do`stimiz esa ora-sira mening mashina haydashimdan nolib qo`yardi: “Eh, agar haydovchilik guvohnomamni oldirib qo`ymaganimda, o`zim ko`rsatib qo`yardim sizga shaharda yurishni...”
Sardorbek Rahmonqulov
Mavzuga oid:
Mantiqsiz yo`l chiziqlari bizga nega kerak? Yo`l harakatiga befarq emaslar o`qisin