Turkiyadagi zilzila vaqtida 151 nafar shaxslar qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, kasalxonalarda davolanmoqda. Ularga hech qanday hayotiy xavf yo‘q. Chorshanba kuni Istanbul sohili yaqinida 6,2 ballik zilzila sodir bo‘ldi, natijada Turkiya megapolisida vahima yuzaga keldi, deb xabar berdi rasmiylar.
Zilzila Marmara dengizi hududida, Istanbuldan taxminan 70 kilometr (40 mil) g‘arbda joylashgan Silivri shahri yaqinida ro‘y bergan. Turkiyaning Favqulodda holatlar va tabiiy ofatlar boshqarmasi (AFAD) ma’lum qilishicha, zilziladan so‘ng bir necha mahalliy turtishlar ham kuzatilgan.
Istanbul ma’muriyatining bayonotiga ko‘ra, hech kim halok bo‘lmagan, ammo “vahima tufayli baland joylardan sakragan” 151 kishi jarohat olgan.
Hech qanday turarjoy binolariga zarar yetmagani aytilgan, ammo Fath tumanida tashlab ketilgan bitta eski bino vayron bo‘lgan.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikayaning ta’kidlashicha, zilzila 13 soniya davom etgan va yer yuzasidan 7 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan. Hozirgacha 51 marta silkinish qayd etilgan, ular orasida eng kuchlisi 5,9 ballni tashkil qilgan.
“Iltimos, ehtimoliy mahalliy silkinishlarga nisbatan hushyorlikni yo‘qotmang”, — deb yozgan Yerlikaya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Jami 6 100 ta favqulodda qo‘ng‘iroq kelib tushgan, deya qo‘shimcha qildi u, ularning aksariyati ma’lumot so‘rovlari bo‘lgan.
CNN Turk telekanalidagi boshlovchi Meltem Bozbeyog‘lu to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda bo‘lgan paytda studiya silkinishlardan larzaga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil fevral oyida Turkiya so‘nggi yuz yillikdagi eng halokatli zilzilalardan biriga duch kelgan edi. 7,8 ballik zilzila Janubiy Gazintep viloyatidagi Nurdag‘idan 23 kilometr (14,2 mil) sharqda, yer ostidagi 24,1 kilometr (14,9 mil) chuqurlikda ro‘y bergan edi.
Ushbu zilzila shimoliy Suriyani ham qamrab olgan, natijada ikki mamlakatda 50 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan edi.
Turkiya ikki yirik geologik faol xatlar — Shimoliy Anatoliya va Sharqiy Anatoliya faltiqlari orasida joylashgan bo‘lib, dunyodagi seysmik jihatdan eng xavfli mintaqalardan biri hisoblanadi. Bu holat Istanbulning zilzilaga tayyorligi borasida xavotirlarni yanada kuchaytirgan.
Vizantiya va Usmonli imperiyalarining sobiq poytaxti bo‘lgan Istanbulda taxminan 16 million kishi istiqomat qiladi. Geologik Jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, shahar Shimoliy Anatoliya faltiqiga juda yaqin joylashgan — faltiq Istanbulga 20 kilometr (12,4 mil) masofada o‘tib, Marmara dengizi orqali o‘tadi.
Tarixda ushbu faltiq bir necha halokatli zilzilalarga sabab bo‘lgan. Jumladan, 1999 yilda Istanbul yaqinidagi Izmit shahrida 7,6 ballik zilzila sodir bo‘lib, 17 mingdan ziyod odam halok bo‘lgan va taxminan 500 ming kishi boshpanasiz qolgan.
Zilzila Yer qobig‘ining kutilmaganda siljishi tufayli yuzaga keladi, bunda energiya seysmik to‘lqinlar orqali tarqalib, odamlar, binolar va infratuzilmaga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Ushbu to‘lqinlar va yer qimirlash xususiyatlari zilzilaning magnitudasini belgilaydi. Eng keng tarqalgan o‘lchov shkalasi bo‘yicha 6,0 — 6,9 ballik zilzilalar “kuchli” deb tasniflanadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha Turkiyada bir necha marotaba zilzila sodir bo‘ldi.
Abdulloh Sayyid