Suriyadan o`zbek fuqarolarining qaytarilishi haqida hikoya qiluvchi film suratga olinadi

Madaniyat 26.07.2020, 20:51
Suriyadan o`zbek fuqarolarining qaytarilishi haqida hikoya qiluvchi film suratga olinadi

«O`zbekkino» Milliy agentligi badiiy kengashida Suriyadagi o`zbekistonlik ayollar va bolalarning vatanga qaytarilishi haqida hikoya qiluvchi badiiy film ssenariysi tasdiqlandi.

«Tutqunlik» nomli ushbu film ssenariysi Azamat Korjovov qalamiga mansub. Rejissyor – Rashid Malikov, film prodyuseri – Rustam Sa`diev hisoblanadi.

Kartina 2019 yilda Suriya va Iroqdan ayollar va bolalarni olib kelish bo`yicha 2 marta o`tkazilgan «Mehr» operasiyasi mavzusiga bag`ishlanadi.

Rustam Sa`dievning so`zlariga ko`ra, filmda turlicha sabablar bilan Suriyaga borib qolgan insonlar taqdiri, oilalar tarixiga asosiy urg`u beriladi; voqealar parallel rivojlana boradi. Film qahramonlari – yosh feldsher yigit, erini orqasidan borishga majbur bo`lgan ayol, ota-onasi Suriyaga olib ketgan 11 yoshli o`spirin yigitcha kabilardir.

Ayni kunlarda «Baron-2» filmi ustidagi ishlarni yakunlash arafasida turgan Rustam Sa`dievning aytishicha, hozirda filmni suratga olishga faol tayyorgarlik ko`rilmoqda, aktyorlar tanlovi boshlangan.

Pandemiya tufayli film to`liq O`zbekiston hududida suratga olinishi kutilmoqda. Asar ustidagi ishlar 2021 yilning birinchi yarmida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o`tamiz, «Mehr» operasiyasi ilk marta 2019 yil 30 may kuni amalga oshirilgan, unda 156 nafar o`zbekistonlik – asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan maxsus aviareysda qaytarib olib kelingan edi.

«Mehr-2» amaliyoti esa 10 oktyabrda tashkil etilib, Bag`doddan uchgan samolyotda 64 nafar o`zbekistonlik bola vatanga qaytarilgandi.

O`tgan yilning sentyabrida «Mehr» operasiyasi haqida hujjatli film namoyish etilgan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1