1

Bu yil Hajga bora olmagan afg`onistonliklar vatanlaridagi kambag`allarga yordam berishmoqda

Dunyo 28.07.2020, 17:49
Bu yil Hajga bora olmagan afg`onistonliklar vatanlaridagi kambag`allarga yordam berishmoqda

Saudiya Arabistoni koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil Haj qilish uchun chetdan musulmonlarni qabul qilmasligini ma`lum qilgach Afg`onistonning Qobul shahrida yashovchi Tajuddin Sangraval vaqtini va Haj uchun to`plagan mablag`ini o`z mamlakatidagi kambag`llarga yordam berish uchun ishlatmoqda. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.

“Balki, bu yil Haj qilish mening taqdirimga yozilmagandir. Biz buning o`rniga muhtoj odamlarga yordam berganimiz yaxshi bo`ladi, chunki shuning o`zi ham Hajga borishdek savobni beradi. Masjiddagi va`zxonlar va radioda berilgan xabarlarga ko`ra, Afg`onistonning turli hududlaridagi odamlar koronavirus pandemiyasi sabab qiyin ahvolga tushib qolishdi. Shuning uchun biz barcha imkoniyatlarimizni ishga solib ularga yordam berishga qaror qildik” deydi 42 yoshli Tajuddin pandemiya sabab Afg`onistonda odamlar ishsiz qolganini va hayotiy ehtiyojlarni qondira olmayotganini ta`kidlar ekan.

Afg`onistonda 27 iyul holatiga ko`ra 36 mingdan ortiq odam koronavirus bilan kasallandi va ularning 1259 nafari vafot etdi.

Samangan provinsiyasida istiqomat qiluvchi oqsoqol Himat Shoh shunday deydi:

“Xudo bizning Haj qilishimizga yoki ibodatimizga muhtoj emas. Lekin, u bizning odamlarga xayriya qilishimizni yaxshi ko`radi. Ehson orqali muhtojlarning tangligi va ochligini kamaytirishga yordam beramiz.”

Sangraval va Shoh Afg`onistonda Hajga to`plagan pullarini ulashayotgan yagona odamlar emas. Bu yilgi Haj bekor qilinganidan keyin Afg`onistondan bu ibodatni amalga oshirish uchun Saudiyaga boradigan 30 mingga yaqin afg`onlar xayriya ishlariga kirishdilar. Masalan, Qobullik Rahmatullo Hajga borish uchun yig`gan 5 ming AQSh dollarining yarmini muhtojlarga tarqatmoqchi.

“Men ko`p yil tikuvchilik qilib Haj uchun misqollab pul to`plagandim. Lekin, Ka`batullohning eshiklari bu yil biz uchun ochilmasligi ma`lum bo`ldi. Bu xabarni eshitib boshida men juda xafa bo`ldim. Ammo, bu haqda qancha ko`p o`ylaganim sari quvona boshladim va bu pullarni kambag`allarga, bevalarga, etimlarga va urush hamda koronavirus tufayli tirikchilik manbayidan mahrum bo`lgan odamlarga berish yaxshiroq degan qarorga keldim. Xudo bizning tavbalarimizni har erda eshita oladi. Agar men va boshqalar kambag`allarning ochlikdan o`lmasliklari va yashab qolish uchun noto`g`ri ishlarga qo`l urmasliklari uchun ularga yordam bersak, Xudo bizdan ko`proq rozi bo`ladi” deydi Rahmatullo.

Rahmatulloning qo`shimcha qilishicha, uning bu yil Haj va Umraga bormoqchi bo`lgan ba`zi qo`shnilari, do`stlari va oila a`zolari ham o`zlarining to`plagan mablag`larini muhtojlarga yordam berishga sarflashgan.

Afg`oniston Iymon va Din ishlari vazirligining nashriyot bo`limi boshlig`i Fazl Ahmad Husayni bu yilgi Hajni o`tkazib yuborayotgan afg`onlarni o`z mablag`larini muhtojlarga tarqatishga undadi.

“Odamlar bizning bu da`vatimizni yaxshi qabul qilishdi. Chunki, biz Islomiy davlatmiz, bu erdagi odamlarga yordam kerak va har bir kattayu kichik yordam ahamiyatga ega” deydi Husayni.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1