AsosiyJamiyat

AQSh O`zbekistonga 902 000 dollarlik tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi

'AQSh O`zbekistonga 902 000 dollarlik tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi'ning rasmi

28 iyul kuni AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazlari (CDC) O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligiga qiymati 902 000 dollarga teng tibbiyot vositalari va laboratoriya jihozlarini hadya qildi. Bu haqda AQShning O`zbekistondagi Elchixonasi ma`lum qildi.

Taqdim etilgan vositalar zamonaviy polimeraz zanjir reaksiyasi uskunalaridan foydalangan holda 25 000 ta COVID-19 testlarini o`tkazishga imkon beradi. Ushbu texnologiya odam organizmida virusli DNK mavjudligini kasallik belgilari paydo bo`lishidan avval aniqlaydi, bu esa sog`liqni saqlash muassasalariga bemorni juda erta izolyasiya qilish hamda pandemiyani tugatish uchun muhim bo`lgan yuqish zanjirini uzishga imkon beradi.

“COVID-19 pandemiyasi biz  uchun umumiy dushman va umumiy javobgarlikdir. Ushbu yordam uzoq vaqtdan buyon AQSh hukumatining O`zbekistonning jamoatchilik sog`lig`ini saqlash yo`lidagi tahdidlarga qarshi kurashida yordam berishga sodiqligiga asoslangan. Ushbu sheriklik epidemiya boshlanishidan ancha oldin boshlangan va u tugaganidan keyin ham davom etadi”,- dedi AQSh muvaqqat ishlar vakili Alan Melser.

Mazkur yordam O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligini koronavirusga qarshi kurashda qo`llab-quvvatlash uchun CDC e`lon qilgan 2,07 million dollarning bir qismi hisoblanadi. Kasallik avj olar ekan, CDC O`zbekistonga shoshilinchi tibbiy yordam markazlari tashkil etish, chegaradan o`tish joylarida tibbiy ko`rikni yaxshilash, klinik va laboratoriya nazorati, ma`lumotlar ustida ishlash va kontaktlar kuzatuvi bo`yicha onlayn maslahatlar ham berib bordi.

AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy, laboratoriya va texnik ko`mak sifatida yana qo`shimcha qariyb 4,2 million dollar taqdim etdi. Bugungi kungacha AQShning bu borada O`zbekistonga ko`rsatgan umumiy yordami 6 million dollardan oshdi.

CDC Markaziy Osiyo hukumatlari bilan sog`liqni saqlash masalalari bo`yicha uzoq yillik hamkorlik tarixiga ega. U birinchi idorasini 1995 yili Olmaotada ochgan va bugungi kunda Qozog`iston, Qirg`iziston, O`zbekiston va Tojikistonda o`z vakolatxonalariga ega. CDC kasalliklarning oldini olish, aniqlash va ularga qarshi kurashishni yaxshiroq amalga oshirish maqsadida har bir mamlakatdagi sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mahalliy laboratoriyalar, kasalliklarni nazorat qilish va ishchi kuchini mustahkamlash ustida ish olib boradi.

    Boshqa yangiliklar