Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 10 iyuldagi 35-son yig`ilish bayoni 5-bandiga asosan, joriy yilning 13 iyul kunidan boshlab Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida mamlakatimizdagi barcha hududlar — Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va ular tarkibidagi tuman (shahar)lar hamda Toshkent shahrida jami 203 ta Homiylik xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari tashkil etildi. “Oziq-ovqat mahsulotlari asosan kimlarga beriladi, yurtimizdagi har bir oila bu markazlarga murojaat qilib yordam olishi mumkinmi”, - degan savolga Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi Matbuot kotibi Saodat Boymirzaeva shunday javob berdi:
— Bu haqida avvalgi uchrashuvlarimizda batafsil ma`lumot berib o`tgan bo`lsakda, yana qayta to`xtalib o`tishimiz mumkin. Respublika maxsus komissiyasining yuqorida keltirib o`tilgan 35-sonli yig`ilish bayonida quyidagi ehtiyojmand aholi toifalariga ijtimoiy yordam mahsulotlari etkazib berish nazarda tutilgan:
— ta`minot manbai bo`lmagan yolg`iz keksalar, nogironligi bo`lgan, boquvchisidan ajralgan, og`ir kasallari bor, ko`p bolali oilalar;
— ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarni qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbai bo`lmagan oilalar;
— ota-onasining ikkisini ham yo`qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug`ullanayotgan oilalar;
— ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo`lgan oilalar;
— 14 yoshgacha bo`lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar yoki beva erlar;
— ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo`lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko`maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;
— mehnatga layoqatli a`zolari bo`lgan, biroq ular hech qaerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum bo`lgan mavsumiy ishchi va zarur yordamga muhtoj oilalar.
Mazkur toifaga kiruvchi har bir yurtdoshimiz oziq-ovqat yoki dori-darmon mahsulotlari olish uchun murojaat qilishlari mumkin. Bu murojaatlarga asosan, ularga o`z vaqtida zarur ijtimoiy yordamlar etkazib beriladi. Ular 1197 qisqa raqami hamda Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar, tuman va shaharlar markazlarida ish olib borayotgan “CALL CENTER” markazlari telefon raqamlari hamda Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining 71-203-01-21 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.






