SSV xabariga ko`ra, bugun koronavirusga chalingan 55 yoshli shayxontohurlik bemor o`pka shishidan vafot etgan. Xabarda aytilishisa, Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 55 yoshli N.D. (erkak) 19 iyul kuni og`ir holatda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimasiya bo`limiga yotqizilgan.
Shifoxonada unda “COVID-19” tasdiqlangan.
Bemorga “COVID-19” infeksiyasining o`ta og`ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan. Kasallik o`tkir respirator distress sindromi, o`tkir nafas etishmovchiligi, o`pka shishi, keng tarqalgan miokard infarkti asorati bilan kechgan.
Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo`riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh xastaliklar bilan ham og`rigan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultasiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o`tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og`irlashib, o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligi, o`pka shishi, miokard infarktidan vafot etgan.






