AsosiyJamiyat

Xushxabar! O`zbekiston aholisining 7 foizdan ko`prog`i bir martalik naqd pul bilan moddiy rag`batlantiriladi

'Xushxabar! O`zbekiston aholisining 7 foizdan ko`prog`i bir martalik naqd pul bilan moddiy rag`batlantiriladi'ning rasmi

“Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo`llab-quvvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi prezident farmoniga ko`ra, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan moddiy yordam va ko`makka muhtoj “temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ro`yxatlari asosida 400 mingdan ko`proq oilalarga davlat byudjetidan bir martalik moddiy yordam ko`rsatilishi belgilandi. 31 iyul kuni farmon mazmunini ommaga etkazish maqsadida tashkil etilgan onlayn muloqot chog`ida mutasaddilar taqdim etgan ma`lumotlar barcha uchun foydali bo`ladi degan umiddamiz.

AHOLIGA NIMA UChUN PUL TARQATILMOQDA?

Akmalxon ORTIQOV, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirining birinchi o`rinbosari:

— "Saxovat va ko`mak" jamg`armasi hisobidan tarqatilayotgan 200 mlrd. so`m 150 mingta oilani qo`llab-quvvatlashga qaratilgan. Bundan tashqari, prezident ushbu farmoni bilan a`zolari 1,7 mln nafardan ortiq bo`lgan 400 mingdan ko`proq oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratiladi va buning uchun 380 mlrd. so`m yo`naltiriladi. Bu mablag` karantin davrida ishsiz, daromadsiz qolgan aholining tirikchiligini o`tkazishi uchun berilmoqda. Biz oziq-ovqat mahsulotlarining bir kunlik me`yoridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qildik. Hisob-kitoblarimiz asosida jon boshiga 14 turdagi mahsulot uchun 220 ming so`mdan to`g`ri kelishi ma`lum bo`ldi. Bir oilada 5 kishi bo`ladigan bo`lsa, 1 mln 100 ming so`mdan to`g`ri keladi. 

KIMGA MUROJAAT QILISh KERAK?

— Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan, biroq qandaydir sababga ko`ra ehtiyojmand oilalar ro`yxatiga kiritilmagan yoxud ro`yxatga kirgan bo`lsa-da yordam olmagan fuqarolar birinchi navbatda o`zlari yashayotgan mahallaning raisiga murojaat qilishlari kerak. Agar mahalla raisi fuqaroning murojaatiga hech qanday reaksiya bildirmasa, qoniqarli javob bermasa, u holda mazkur hududga mas`ul bo`lgan sektor rahbariga murojaat qilish kerak.

“BAHSLI VAZIYaTLARGA EChIM SIFATIDA 50 MILLIARD SO`M AJRATILGAN”

— Agarda ajratilgan pul muhtoj oilalar ro`yxatiga kiritilgan kimlargadir etmay qoladigan bo`lsa yoki moddiy ko`makka muhtoj bo`lsa-da, ro`yxatga kiritilmay qolgan bo`lsa, ularga qo`shimcha ravishda mablag` ajratish ko`zda tutilgan. E`tibor qilinsa, dastlab ayni maqsad uchun “Saxovat va ko`mak” jamg`armasining hududiy bo`limlariga 150 mlrd so`m berilishi ko`zda tutilgan edi, biroq prezident farmoni bilan 200 mlrd so`m ajratildi. 50 mlrd so`m mana shunday bahsli vaziyatlarga echim sifatida ajratilgan.

YoRDAM PULLARI DAVOMIYMI?

— Prezident farmoni bilan ajratilgan yordam bir martalik bo`lib, keyingi oylarda ham ehtiyojmand oilalar uchun xuddi shunday moddiy yordam ajratilishi ko`zda tutilmagan.

QAChONGAChA TARQATILADI?

— Bir martalik moddiy yordam pullarini ehtiyojmand va ko`makka muhtoj oilalar ro`yxatlariga kiritilgan oilalarga 2020 yil 15 avgustga qadar etkaziladi.

NEGA NAQD PUL TARZIDA TARQATILYaPTI?

— Joylarda ehtiyojmand aholining holidan xabar olish bo`yicha ko`rilayotgan choralar tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, ayrim holatlarda oziq-ovqat to`plami yoki dori-darmon shaklida etkazib berilayotgan moddiy yordamni tarqatishda kamchiliklar uchrayotgani, hamma mas`ullar ham bu masalaga vijdon bilan yondashmayotgani uchun Qurbon hayiti arafasida ajratilgan bir martalik moddiy yordam pullarini ehtiyojmand va ko`makka muhtoj oilalarga naqd pul shaklida tarqatish to`g`risida topshiriq bo`ldi. Chunki ehtiyojmand oila, deylik, tomorqasida nimadir etishtirayotgan bo`lsa, biz mahsulot shaklida olib borgan kartoshka-piyozlarimiz unga kerak bo`lmasligi mumkin. Pullarni qaysidir bir idoraning kichik xodimi yoki kassiriga ishonib topshirib qo`yganmiz yo`q. Davlatning vakolatli odamlariga ishonib topshirildi bu pullar. Yordam pullari ega-egasiga etkazilgani, o`rta yo`lda kimlardir ularni o`zlashtirib yubormasligini nazorat qilish ham tegishli organlarga yuklatilgan. Joylardagi sektor rahbarlari kechadan boshlab o`ziga biriktirilgan sektorda yashovchi ehtiyojmand oilalarning uylariga borgan holda pullarni alohida konvertlarda tarqatishmoqda. Konvertlarda oila boshlig`ining ism-sharifi va ajratilgan pul miqdori yozib qo`yilgan. Kimga qancha berilgani to`lov qaydnomasida ham qayd etib boriladi, ya`ni ikki yoqlama nazorat tizimi amalga oshiriladi.

HISOB-KITOB

 Agar 580 milliard so`m mablag` 220 ming so`mdan tarqatilsa, 2 million 600 mingdan ortiq mamlakat aholisiga etkazilar ekan. Bu esa 34 millionli O`zbekiston aholisining 7 foizdan ortig`i demakdir. Bu ham ulkan bir tashabbus ekanligini anglashimiz lozim!

Sardorbek Rahmonqulov tayyorladi 

 

    Boshqa yangiliklar