Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati koronavirus asoratlaridan vafot etgan poytaxtlik ikki nafar bemor haqida ma`lumot berdi.
Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashagan 67 yoshli Q.N. (erkak)da “COVID-19” infeksiyasi 20 iyul tasdiqlangan va nafas etishmovchiligi belgilari kuchayib, Zangiota tumanidagi ixtisoslashtirilgan ko`p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Unga “COVID-19”ning o`ta og`ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan. Bundan tashqari, bemor yurak ishemik kasalligi, zo`riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og`rigan.
Muolajalarga qaramay, bemor o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligidan vafot etgan.
Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashagan 64 yoshli yana bir bemor A.T. (erkak)da esa "COVID-19" 25 iyul kuni tasdiqlangan. U ham Zangiota tumanidagi ixtisoslashtirilgan ko`p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kun davomida tana harorati ko`tarilib nafas etishmovchiligi kuchayganligi sababli yotqizilgan.
Bemorga COVID-19 infeksiyasi o`ta og`ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan. Xastalik nafas etishmovchiligining 3-darajasi hamda o`tkir yurak qon-tomir etishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
Bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo`riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziyaning 3-darajasi va semizlikning ham 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo`lgan.
Ammo bemor o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligidan vafot etgan.






