1

Buxoroda kelinini fohishalikda ayblab, doimiy zulm o`tkazgan qaynota 4 yilga qamaldi

Jamiyat 06.08.2020, 16:30
Buxoroda kelinini fohishalikda ayblab, doimiy zulm o`tkazgan qaynota 4 yilga qamaldi

Buxoro viloyatining G`ijduvon tumanida yashovchi 66 yoshli fuqaro 37 yoshli keliniga shafqatsiz muomalada bo`lib, doimiy ravishda zulm o`tkazgan va o`zini o`zi o`ldirish darajasiga olib borgan. Bu haqda «Daryo»ga jinoyat ishlari bo`yicha G`ijduvon tuman sudi raisi Bobur Umarov ma`lum qildi.

Ma`lum bo`lishicha, Samarqandda yashovchi fuqaro Sabohat Haqqulova 2013 yil G`ijduvon tumani «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig`ini Urganjeli qishlog`ida yashovchi II guruh nogironi Halim Sa`dullaev bilan turmush qurgan.

Qaynota K.S. o`ziga tegishli uyda turmush o`rtog`i, ikki nafar nogiron o`g`li, kelini Sabohat Haqqulova hamda nevarasi bilan yashab kelgan. Ro`zg`or xarajatlari qaynota zimmasida bo`lgani bois K.S. o`zining nogiron farzandlarini ham pul va moddiy daromad topib kelolmaslikda ayblagan. Ayniqsa, kelini Sabohat Haqqulovaga o`ta rahmsiz muomalada bo`lib, qo`rqitgan, uning sha`ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitib kelgan.

Qaynota kelinini fohishalikda gumon qilib, qo`pol munosabatda bo`lgan. Uning turmush o`rtog`i bo`lgan o`g`lining nogironligini ham yuziga solib, ko`p bor tekinxo`rlikda ayblagan.

Qaynota 2018 yilning 9 dekabr kuni kelini bilan ovqatga mahsulotni ko`p solgani bahonasida janjallashib qolib, uni nojo`ya so`zlar bilan haqorat qilgan, boshiga urgan va tan jarohati etkazgan. Kamsitishlarga chiday olmagan kelin Samarqandga — otasining uyiga arazlab ketgan. Oradan bir necha kun o`tgach, qaynona kelinini yana o`z xonadoniga olib kelgan. Shu voqea sabab qaynota turmush o`rtog`i Zulayho Sa`dullaeva bilan ham tez-tez janjallashadigan, uni ham qo`rqitadigan odat chiqargan. Har kungi janjallarga chiday olmagan qaynona 2019 yil 12 dekabr kuni qizinikiga arazlab ketgan.

2019 yil 14 dekabr kuni soat 16:00 da qaynota yana kelini bilan tortishadi. Kelini va o`g`lini nojo`ya so`zlar bilan haqoratlaydi. Qaynotasining kamsitish va tazyiqlariga chiday olmagan kelin voyaga etmagan farzandini olib, qaynonasining yoniga borish uchun ko`chaga chiqib, yo`lovchi mashinaga o`tiradi. Qaynota esa uning ortidan etib borib, qo`pollik bilan qo`lidan tortadi va avtomashinadan tushirmoqchi bo`ladi. Qaynota kelinini qo`ni-qo`shnilar oldida uyatsiz so`zlar bilan haqoratlaydi. Janjal oldini olmoqchi bo`lgan qo`shnilarga ham qo`pol muomalada bo`ladi. Kelini qarshilik ko`rsatganida uning yuziga mushtlab uradi. Pastki jag` tishini sindiradi. Tan jarohati etkazadi va uyga majburiy tarzda olib kiradi.

Janjal ertasi kuni ham davom etgan. Qaynota kelini va nogiron o`g`lini oshxonaga kiritmay, ovqat ham bermagan. O`g`liga qo`lidan ish kelmasligini, boqimanda ekanligini aytib, kamsitgan. O`zi va ijtimoiy himoyaga muhtoj turmush o`rtog`ining doimiy kamsitilishiga chiday olmagan kelin shu kuni soat 12:00 da o`z joniga qasd qilish maqsadida yashash xonadonining oshxonasida bo`lgan elim idishdagi benzinni ustiga sepib, o`zini o`zi yoqib yuborgan.

Kelin G`ijduvon tuman tibbiyot birlashmasi reanimasiya bo`limiga yotqizilgan.

«Qaynotaning kamsitishlari oqibatida o`z joniga qasd qilgan kelin, fuqaro Sabohat Haqqulova tuman tibbiyot birlashmasining reanimasiya bo`limida besh kun yotadi. Kelin bilan suhbatda qaynotasi xonadoniga kelin bo`lib tushgan vaqtdan beri uning xatti-harakatlari natijasida ruhiy azob olgani oydinlashdi. Qaynota kelinining ota-onasi va yaqin qarindoshlari yoniga borib-kelishiga to`sqinlik qilgan. Eb-ichishi, kiyinishi, oddiy insonday yashashi uchun na o`g`liga, na keliniga shafqat qilgan», — deydi G`ijduvon tuman prokuraturasi katta tergovchisi Bekzod Vafoev.

Tergovchining aytishicha, kelin o`zini yoqishi oqibatida tanasining 98 foizi kuygan.

«Tana a`zolarining 98 foizi kuygan ayol bilan suhbatlashar ekanman, uning irodasi, metin bardoshiga lol qolganimni yashirmayman. O`zining aytishicha, ayol shunchalar azobda yashaganki, oilaning mahallada yomonotliq bo`lmasligi uchun, afsuski, bu qiynoqlarni ostonadan tashqariga olib chiqmagan», — deydi tergovchi.

«Yangiobod» mahalla fuqarolar yig`ini raisi Xolmurod Tursunovning bildirishicha, ushbu oiladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ikki nafar farzand uchun doimiy ravishda ko`mak puli va oziq-ovqat mahsulotlari etkazib turilgan.

Tibbiy muolajalarga qaramasdan, tanasining 95-98 foizi kuygan kelin 2019 yil 20 dekabr kuni vafot etgan.

2020 yil 9 iyul kuni mazkur ishni ko`rib chiqqan Jinoyat ishlari bo`yicha G`ijduvon tuman sudi kelinini o`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazgan qaynotani 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1