Aybsiz aybdor bo`lgan mansabdor va ikki nafar xodimning aybsizligi takror isbotlandi

Jamiyat 07.08.2020, 12:39
Aybsiz aybdor bo`lgan mansabdor va ikki nafar xodimning aybsizligi takror isbotlandi

Dastlabki tergov organi tomonidan 2013 yildan 2017 yil 29 iyunga qadar Sud ijrochilari Namangan shahar bo`limi katta sud ijrochisi lavozimida ishlagan B.Q. mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan. Aniqrog`i, mansabdor Prezidentimizning 2001 yil 29 avgustdagi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida»gi Qonuni talablariga amal qilmagan. Ijro hujjatlari sud ijrochilari Namangan shahar bo`limi binosida saqlanishi lozim bo`lsa-da, ijrochilarning ish yurituvidagi ijro harakati o`tkazilishi lozim bo`lgan 4.021 ta ijro hujjatlarini MChJga qarashli ofisga past niyatlarda olib chiqib qo`yganlikda ayblangan... 

            Bundan tashqari, Prezidentimizning 2017 yil 29 maydagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish hamda iste`mol qilish sohasida to`lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoni va 2017 yil 30 maydagi «O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish to`g`risida»gi PQ-3016-sonli Qarori, Bosh prokurorning 2017 yil 1 iyundagi 12-F-sonli Farmoyishi talablariga ko`ra, kelgusida ijro harakatlarini davom ettirish uchun ushbu ijro hujjatlarini yangi tashkil qilingan MIB Namangan shahar bo`limiga tegishli tartibda dalolatnoma asosida topshirishi lozim bo`lsa-da, yuqorida qayd etilgan Farmon va Qaror talablarini bajarmagan. Bo`limning ish yurituvida bo`lgan jami 4.021 ta ijro hujjatlarini yangi tashkil qilingan MIB Namangan shahar bo`limiga topshirmagan. Ushbu ijro hujjatlarini yashirish va ijro harakatlari o`tkazilmasligi oqibatida, ular bo`yicha undirilishi lozim bo`lgan 7.513.186.300 so`mlik undiruv, jumladan, 316.375.100 so`mlik davlat boji va 99.959.700 so`mlik ijro yig`imi undirilmay qolishiga   sababchi bo`lgan. Fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga hamda davlat manfaatlariga 7.513.186.300 so`m moddiy zarar etkazilishiga sababchi bo`lgan.

            Shuningdek, mansab soxtakorligiga yo`l qo`yib, Sud ijrochilari Namangan shahar bo`limi tomonidan 2017 yil 29 iyundagi ijro hujjatlarini topshirish va qabul qilish to`g`risidagi dalolatnomaga Sud ijrochilarining Namangan  shahar bo`limi hisobidagi 448.239.000.0000 so`mlik 86.638 ta ijro hujjatlarini kiritib, go`yoki “bo`limda boshqa ijro hujjatlari qolmadi” deb, bo`lim ish yurutuvidagi jami 4.021 ta, ular bo`yicha 7.513.186.300 so`mlik undiruv, 316.375.100 so`mlik davlat boji va 99.959.700 so`mlik ijro hujjatlarini topshirish va qabul qilish dalolatnomasiga kiritmagan. Mazkur dalolatnomaga ijro hujjatlari va uni qiymati haqida soxta yozuvlar kiritib, hujjatlarni qalbakilashtirgan. Hujjatlarni qalbaki ekanini bila turib, topshirish va qabul qilish dalolatnomasini MIB Namangan shahar bo`limiga taqdim etgan.

            Sud ijrochilari Namangan shahar bo`limi sud ijrochisi vazifasida ishlagan S.X. va R.M. bir guruh bo`lib, yuqorida qayd etilgan Qonun, Farmon va Qaror talablariga amal qilishmagan. Bo`lim binosida saqlanadigan, ish yurituvlaridagi ijro harakatlari o`tkazilishi lozim bo`lgan 1.320 ta ijro hujjatlarini past niyatlarda xonadonga olib chiqib qo`ygan. Ushbu hujjatlarni yangi tashkil qilingan MIB Namangan shahar bo`limiga topshirmagan. Ijro hujjatlarini yashirish va ijro harakatlari o`tkazilmasligi oqibatida, ular bo`yicha undirilishi lozim bo`lgan 2.415.889.200 so`mlik  undiruv, jumladan, 12.200.400 so`mlik davlat boji va 6.836.600 so`mlik ijro yig`imi undirilmay qolishi va davlat manfaatlariga 2.415.889.200 so`m moddiy zarar etkazilishiga sababchi bo`lishgan.

             “QILMIShLARIDA JINOYaT TARKIBI BO`LMAGANI SABABLI OQLANIShGAN”

BIRINChI INSTANSIYa SUD MAJLISI...

            Sardorbek ABDUSATTOROV, Jinoyat ishlari bo`yicha Uchqo`rg`on tuman sudi raisi: 

— Jinoyat ishini birinchi instansiya sud majlisida ko`rib chiqish davomida sudning ajrimiga ko`ra, qayta o`tkazilgan tekshirishda mansabdorga qo`yilgan ayblov yuzasidan 4.021 ta ijro hujjatlaridan qoldiqdagi qismi bo`yicha 39 ta ijro ishlari bo`yicha jami 876.732.751 so`mlik undiruv amalga oshirilgan. Bundan tashqari, 1 ta ijro hujjati ya`ni, sudlangan fuqaro va boshqalarga oid jinoyat ishi bo`yicha 1.716.139.700 so`m undirish belgilangan bo`lsa-da, qoldiq ro`yxatida 2.846.547.366 so`m ko`rsatilib, 1.130.407.666 so`m ortiqcha kiritib yuborilgani sababli ushbu summa chegirilgan. 4.021 ta ijro hujjatlarining qoldiqdagi qismidan 39 ta ijro ishlari bo`yicha 2.007.140.417 so`mligi qisqartirilganida, undirilmay qolgan summa 4.891.821.389 so`mni tashkil etgan.

QO`YILGAN AYBLOV YuZASIDAN...

— 1.320 ta ijro hujjatlari yuzasidan ijrochilar kesimida o`tkazilgan o`rganishda, qoldiqdagi qismi bo`yicha 1 ta 1.355.334.000 so`m undirish belgilangan bo`lsa-da, o`rganish davomida mazkur ijro hujjati nomulkiy tusdagi ijro hujjati bo`lgani sababli ushbu summa chegirib tashlanib, fuqaro zimmasidagi qoldiq 518.152.269 so`mni tashkil etgan. S.X.ning ish yurituvida bo`lgan 490 ta 401.700.000 so`mlik ijro hujjatlaridan 475 ta 371.100.000 so`mlik ijro hujjatlari ijrosi ta`minlangan. Qoldiqda 15 ta 30.500.000 so`mlik ijro hujjatlari mavjud bo`lgan. Shuningdek, qoldiqda 3.100.000 so`mlik davlat boji hamda 1.000.000 so`mlik ijro yig`imi mavjudligi, shundan qarzdordan davlat foydasiga 26.782.500 so`m undirish yuzasidan 2013 yil 2 oktyabrda qarzdorga qidiruv e`lon qilingani aniqlangan. S.X. zimmasidagi undirilmagan summa 7.817.500 so`mni tashkil qilishi aniqlangan.

            JIB Uchqo`rg`on tuman sudining 2019 yil 18 fevraldagi hukmiga ko`ra:

            B.Q. JKning 206-moddasi 1-qismi, 208-moddasi, 209-moddasi 1-qismi, 227-moddasi 1-qismi bilan JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan, S.X. va R.M. JKning 207-moddasi 1-qismi, 208-moddasi, 209-moddasi 1-qismi, 227-moddasi 1-qismi bilan JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan qilmishlarida jinoyat tarkibi bo`lmagani sababli oqlangan.

          JIB Namangan viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2019 yil 25 apreldagi ajrimi bilan sudning oqlov hukmi o`zgarishsiz qoldirilgan.

                        “IJRO HUJJATLARNING IJROSI TAMOMLANMAGANINI BILMAGAN”

            To`lqin TO`RAQULOV, Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyati sudi raisi o`rinbosari: 

— Oliy sudning jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 2020 yil 20 fevraldagi ajrimi bilan JIB Namangan viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2019 yil 25 apreldagi ajrimi bekor qilingan. Jinoyat ishi yangidan apellyasiya instansiyasida ko`rish uchun yuborilgan. Protestda uchchoviga nisbatan asossiz oqlov hukmi chiqarilgani haqida vajlar keltirilib, oqlov hukmini bekor qilib, ayblov hukmi chiqarish so`ralgan.

            Sudlov hay`ati ish bo`yicha protestdagi vajlarni jinoyat ishidagi hujjatlar bilan birga tahlil qilib, JK, JPKning tegishli moddalariga ko`ra sud hukmini o`zgarishsiz, protestni qanoatlantirishsiz qoldirishni lozim topdi. 

Ish materiallariga, birinchi va apellyasiya instansiyasi sud majlislarida aniqlangan holatlarga qaraganda ayblov xulosasida qayd etilgan ijrosi ta`minlanmagani ko`rsatilgan ijro varaqalar B.Q.ni emas, balki sud ijrochilarining ish yurituvida bo`lgan. Ijro ishlarini tashkil etib, bevosita ijro harakatlarini amalga oshirish va ijroni yakunlash yoki uni tegishli tartibda qaytarish shu ijro hujjati ish yurituvida bo`lgan sud ijrochisining zimmasida bo`lgan. Ijro harakatlari o`z vaqtida bajarilmagan va ijrosi tamomlanmagan ijro hujjatlarini arxivga o`tkazish uchun tayyorlashga olib chiqilgan hujjatlar orasiga aynan ijrochilar qo`shib yuborgan. Ular tomonidan o`z ish yurituvlarida bo`lgan ijro hujjatini tamomlanmagan holda olib chiqishayotganini aytishmagan. Ushbu hujjatlarni ijrosi tamomlanmaganini mansabdor bilmagan. Shaxsan o`zi ijro hujjatlarini saralab ajratib, ularni olib chiqishda ishtirok etmagan. Ushbu holatlar guvohlarning asosli ko`rsatmalari bilan tasdiqlangan.

            Dastlabki tergov organi tomonidan tergov harakatlari bir tomonlama faqatgina ayblov doirasida olib borilgan. B.Q. S.X. va R.M. ijro hujjatlarini past niyatlarda xonadon va ofisga olib chiqib qo`yishganini isbotlovchi dalillar to`planmagan va buni sudda to`plashning imkoni yo`q.

ISh HUJJATLARIGA KO`RA...

— 2017 yil 29 iyundagi topshirish va qabul qilish dalolatnomasi B.Q. tomonidan emas, balki sud ijrochilari tomonidan bevosita o`zlarining yurituvida bo`lgan ijro hujjatlari asosida tuzilgan. Ofisda saqlangan hujjatlar tamomlangan hujjatlar bo`lgani sababli dalolatnomada aks ettirilmagan. Har bir ijrochi o`zining ish yurituvidagi ijro hujjati bo`yicha ro`yxat shakllantirib, imzolagan holda B.Q.ga taqdim qilgan. U mazkur ro`yxatlarni jamlab, dalolatnomaga kiritgan. B.Q. ijrochilar tomonidan shakllantirilgan   ushbu   ro`yxatlarni   qalbakilashtirmagan, u qo`l ostidagi 24 nafar sud ijrochilari tomonidan imzolangan holda taqdim qilingan ma`lumotlarni imzolab bergan. 

Ofisda saqlangan 4.021 ta ijro hujjatlari, S.X. va R.M.ning ish yurituvlaridagi xonadonda saqlangan 1.320 ta ijro hujjatlari Sud ijrochilari Namangan shahar bo`limi kirim kitobida va “E-ijro” dasturida eks ettirilgan. Ularni yo`q qilib yuborish imkoniyati mavjud bo`lmagan. 

Dastlabki tergov organi tomonidan jinoyat ishini bir qismini tugatish to`g`risidagi qarori bilan 27 nafar sobiq sud ijrochilari ofisga jami 32.635 ta ijro hujjatlarini shahar bo`limida arxiv etishmagani, ushbu hujjatlarni yo`q bo`lib ketishini oldini olish, ularni arxivga o`tkazish maqsadida harakat qilgan. Sud ijrochisining ish hajmi meyorlari har oyda 1 nafar sud ijrochisi uchun 18,9 dona, chorakda 56,7 dona, 1 yilda 226,8 dona ijro hujjatini ijro etish belgilangan. Sud ijrochilarining ish yurituvida ijro hujjatlari soni ko`pligi, har bir sud ijrochisiga oyda 138 dona, chorakda 414 dona, bir yilda 1.356 donaga to`g`ri kelgani sababli, ijro hujjatlarini ijrosini to`liq ta`minlashni imkoni yo`qligi ko`rsatilgan. Ularning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emasligi sababli ishning ularga oid qismi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatish haqida to`xtamga kelingan bir vaziyatda, B.Q. S.X. va R.M.ni aynan shunday harakatlar uchun javobgarlikka tortilib, xatoga yo`l qo`yilgan.

MIB Namangan viloyat boshqarmasi boshlig`ining 2018 yil 19 apreldagi buyruqlariga asosan R.M. va S.X. egallab turgan MIB Namangan shahar bo`limi davlat ijrochisi lavozimidan ozod qilinib, MIB organlari tizimidan bo`shatilgan. 2018 yil 13 avgustdagi buyruqga asosan esa B.Q. egallab turgan  MIB Namangan shahar bo`limi boshlig`ining o`rinbosari lavozimidan ozod qilingan. 

Uch nafar xodimning sodir etgan nojo`ya xatti-harakatlarida faqatgina Byuro xodimlarining “Kasb odobnomasi” talablari qo`pol ravishda buzilgani uchun intizomiy javobgarlikka tortishga sazovor bo`lgan qilmish mavjud bo`lgan. Ular MIB Namangan viloyat boshqarmasi boshlig`ining buyruqlariga asosan shunday javobgarlikka tortilgan bo`lsalar-da, ularning harakatlarida jinoiy javobgarlikka tortishga sazovor bo`lgan mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash jinoyat tarkibida mavjud emasligidan tashqari, ularning ijro hujjatlarini past niyatlarda yashirganliklari ham isbotlanmagan. 

      Bunday holatda sudlov hay`ati tergov organi ularni shubha va taxminlarga asoslanib, ushbu ijro hujjatlarini yashirganlikda asossiz ayblagan, deb hisoblaydi. Yuqoridagi asoslarga ko`ra, apellyasiya sudlov hay`ati, birinchi instansiya sudi sudlanuvchilarga nisbatan oqlov hukmi chiqarib, asosli xulosaga kelgan.

       JIB Uchqo`rg`on tuman sudining 2019 yil 18 fevraldagi oqlanganlarga nisbatan chiqargan hukmi o`zgarishsiz, apellyasiya protesti qanoatlantirishsiz qoldirildi.

                                                                                                           Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1