1

Senat: Xorijda 103 mingdan ziyod O`zbekistonga qaytish istagidagi fuqarolar bor

Jamiyat 07.08.2020, 21:39
Senat: Xorijda 103 mingdan ziyod O`zbekistonga qaytish istagidagi fuqarolar bor

Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining joriy yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati haqidagi axboroti eshitildi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida Tashqi ishlar vazirligi o`z funksional vazifalari doirasida xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan 11 mingdan ortiq fuqaromizga moddiy yordam ko`rsatish, 95 mingdan ortiq fuqarolarni O`zbekistonga qaytarib kelish, shuningdek, mamlakatimizdagi 7 mingdan ortiq xorijiy fuqarolarni o`z vataniga yuborish tadbirlariga hissa qo`shdi.

Axborotda keltirilishicha, pandemiya davrida xorijiy davlatlardan 117 ming nafardan ortiq o`zbekistonliklar yurtimizga olib kelindi. Shu bilan birga, hozirgi kunda xorijiy mamlakatlarda O`zbekistonga qaytish istagida bo`lgan 103 ming nafardan ortiq fuqaromiz bor. Ularning asosiy qismi Rossiyada 93 ming nafar, Turkiyada 7 ming nafar va boshqa davlatlarda ham fuqarolarimiz vatanga qaytish istagini bildirgan.

Shu bilan birga, xorijiy davlatlarda qiyin ahvolda qolgan 45 mingdan ortiq fuqarolarimizga yordam ko`rsatildi.

O`zbekistonning diplomatik vakolatxonalari ko`magida 2020 yil boshidan buyon mamlakatimizga 3 milliard AQSh dollaridan ortiq xorijiy investisiyalar va kreditlar jalb qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi.

Shu bilan birga, o`rganishlar jarayonida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida qator muammo va kamichiliklar mavjudligi aniqlandi.

Xususan, eksportni rag`batlantirish, xorijiy investisiyalarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish sohalarida respublika hududlariga amaliy ko`mak berish, joylarda tadbirkorlarning tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdagi bilim va malakasini oshirish hamda mehnat migrasiyasi muammolarini hal qilishdagi faoliyati etarli samara bermayapti.

Xorijiy davlatlar bilan hududlararo hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida viloyatlar mutasaddilari uchun o`quv mashg`uloti va treninglar tizimi shu kungacha yo`lga qo`yilmagan. Hududlardan tushayotgan ma`lum loyihalar va investision takliflar javobsiz qolmoqda.

Vazirlikning chet ellardagi fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish, ularga tegishli ko`mak va siffatli konsullik xizmatlarini ko`rsatishning amaldagi tartibi jiddiy e`tirozlarga sabab bo`lmoqda. Ijtimoy tarmoqlardagi ko`plab xabarlarni bunga misol tariqasida ko`rsatish mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1