1

Koronavirus pnevmoniyasi bilan oddiy pnevmoniyaning farqi nimada? Mutaxassis aniqlik kiritdi

Jamiyat 08.08.2020, 09:07
Koronavirus pnevmoniyasi bilan oddiy pnevmoniyaning farqi nimada? Mutaxassis aniqlik kiritdi

COVID-19 ga chalingan bemorlarni davolovchi ftiziatr Nadejda Shkloves koronavirusli pnevmoniya odatiy pnevmoniyadan nimasi bilan farq qilishi, uni davolash va reabilitasiya qilish metodlari haqida ma`lumot berdi.

— Yangi koronavirusli pnevmoniya — bu o`pkaning virusli yallig`lanishining bir turi. Virusli pnevmoniyalar bizga allaqachon ma`lum, ammo biz bunday miqdorda u bilan ishlashga odatlanmaganmiz. Bu davolash ishlarini juda murakkablashtiradi. Koronavirusli pnevmoniya keltirib chiqaradigan o`zgarishlar, masalan, grippda ham bo`ladi, ammo COVID-19 da ular ko`proq va boshqacharoq rivojlanadi.  

 Farqlar haqida gapirishdan oldin o`pkamiz o`zi nimadan iborat ekanini eslash lozim. U havo o`tkazuvchi naychalar tizimidan iborat bo`lib, nafas olish qopchalari — alveolalar bilan tugaydi. Bu alveolalar karkas — interstisiya yordamida yagona tuzilmaga birlashgan. U birlashtiruvchi to`qimadan tashkil topgan. Interstisidan qon va limfa tomirlari o`tadi.

 Ko`p hollarda infeksion yoki bakterial pnevmoniya bilan ishlashimizga to`g`ri keladi. Uning rivojlanishiga alveolalarning ichida yallig`lanishni keltirib chiqaradigan bakteriyalar sababchi bo`ladi. Nafas olish qopchalari ichidagi zararlangan qismlarning havosi yallig`lanish suyuqligiga almashadi. Karkas — interstisiya — bunda deyarli shikastlanmaydi, tomirlarning devorlari zich bo`lib qoladi.

 Bunday pnevmoniyaning alomatlaridan biri — haroratning ko`tarilishi va balg`amli yo`tal. Yo`talning paydo bo`lishi — yallig`lanish suyuqligi alveolalar ichida ekani va u bronxlar orqali tashqariga chiqishi bilan izohlanadi. Yo`talni engillashtirish uchun mukolitiklar (balg`am hajmini oshirmasdan, uni suyultiradigan va balg`amning o`pkadan chiqishini engillashtiradigan dori vositalari) tayinlanadi. Haroratning ko`tarilishi aynan bakterial yallig`lanish bilan bog`liq. Shu tarzda organizmimiz kasallik qo`zg`atuvchilarini — bakteriyalarni yo`q qiladi. “Dushman” yo`q qilinishi bilan, ahvol yaxshilanadi, odam sog`ayadi.  

Infeksion pnevmoniya rivojlanishiga bakteriyalar sababchi bo`lgani uchun, uni davolashda antibiotiklar birlamchi preparatlar hisoblanadi. Zarurat bo`lganida, dorilarni uy sharoitlarida emas, balki stasionarda tomchilatib kiritish qo`llanadi.

Virusli pnevmoniyada (yangi koronavirusli pnevmoniya uning bir turi hisoblanadi) qon tomirlarining devorlari shikastlanadi. Ularning zichligi pasayadi. Qonning suyuq qismi tomirlardan tashqariga chiqadi va ularning shishishini keltirib chiqaradi. Bakteriyalar keyinroq qo`shiladi, ammo bu har doim ham sodir bo`lmaydi.

Koronavirusli pnevmoniyada immunitetning virus ta`siriga noadekvat kuchli reaksiyasi yuqori harorat va yallig`lanish sababchisi bo`ladi. Yo`tal quruq bo`ladi, chunki suyuqlik bronxga chiqish joyi bo`lmagan interstisiyada joylashadi. Bu holda balg`amni suyultiruvchi preparatlar kamdan-kam hollarda samarali hisoblanadi, u faqat bakterial infeksiya qo`shilganida yoki yo`ldosh surunkali bronxit kuchayganida samara berishi mumkin.

Virusli pnevmoniyada antibiotik ikkinchi darajali dori hisoblanadi. Zarur bo`lganida, u davolashning birinchi bosqichida emas, balki keyinroq tayinlanadi.

Suyuqlikni vena ichiga kiritish o`pka to`qimalarida shishning kattalashishiga olib kelishi mumkin. Ko`z oldingizga yorilgan shlangni keltiring, narigi tomondan katta bosimda suv yuborishyapti. Uning atrofida ko`lmaklar keskin ko`paya boshlaydi. O`pkada ham xuddi shunday jarayon yuz beradi,

- deya izoh berdi mutaxassis.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1