Avval xabar berilganidek, 6 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya – Qozog`iston davlat chegarasidan o`tkazish masalasi bo`yicha Respublika maxsus komissiyasi hamda Rossiya va Qozog`iston tomoni bilan kelishuvga binoan, O`zbekiston fuqarolarini yo`lovchi poezdlari orqali olib kelish jarayoni boshlandi.
O`zbekistonga qaytish istagidagi vatandoshlarimizga soxta biletlar sotish va ularga yolg`on ma`lumotlar berish holati yuzaga kelgan. Bu haqda "Milliy tiklanish" partiyasi etakchisi Alisher Qodirov ma`lum qildi:
"Kecha ijtimoiy tarmoqlardagi vatandoshlarning murojaatidan keyin Orenburg va Samaraga O`zbekistondan poezd ketdi.
Chipta narxi 9,3 ming rubl, lekin kassadan tashqarida, soxtasi aralash 25-35 ming rubldan sotilgan. Yolg`on ma`lumotlar, reklamalar bilan yo`q poezdga vatandoshlarni to`playotgan, shovqinli murojaatlarni tashkil qilib ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirayotgan va chipta sotishdan daromad ko`rayotgan sahna ortidagi «o`zimiznikilar»dan iborat 15-20 kishilik guruh ishlayotgani haqida ma`lumot oldik. Ma`lumotlar tegishli idoralarga chora ko`rish uchun yuboriladi.
Shaxsiy manfaat uchun Vatanniyu vatandoshni sotayotgan, «xalqparvar»likdan tijorat qilayotganlarga sherik bo`lib qolmang. Bugungi og`ir kunlarda kimdir bilet, kimdir dori, kimdir erga qo`shib iymonu vijdonini sotib yuborayapdi. Bunday daromadni bolasiga edirganning hisobi Yaratgandan, lekin ko`pgina vatandoshlarimiz loqaydlik va e`tiborsizlik bilan shunday noinsoflarning tegirmoniga suv to`kayapdi. Butun dunyoda pandemiya e`lon qilingan. Chegaralar yopilgan. Bu O`zbekistonning cheklovi emas! Bitta poezd yoki samolyotni chegaradan o`tkazish uchun chegaradosh davlatlarga ming tavalloyu, millionlab valyuta sarflanayapdi.
Huquqlarimizni baqirib gapirib, majburiyatlarga kelganda “ko`makka muhtoj", "qiynalgan”ni yoqib olmaylik. Davlat - 34 million BIZ degani. Bugungi noto`g`ri xarajatlar bolalarimizning hamyoniga qarz bo`lib tushishini unutmaylik. Qiyin kunlarda tadbirli bo`laylik, zero noqulay sharoitga hisob-kitobsiz, tadbirsiz odamlar tushadi va ishoning bunga kimdir aybdor bo`lmaydi.
Loqaydlik, ko`zbo`yamachilik va isrof o`zbek xalqi boshidagi eng og`ir musibatdir. Biz o`zgarmasak O`zbekiston o`zgarmaydi!",
- deya yozib qoldirgan partiya rahbari.