1

Shahnoza Xolmaxamatova: "OTMda kontrakt to`lovlarini kamaytirish kerak yoki karantin tugaguncha vaqt berish lozim"

Jamiyat 09.08.2020, 19:19
Shahnoza Xolmaxamatova: "OTMda kontrakt to`lovlarini kamaytirish kerak yoki karantin tugaguncha vaqt berish lozim"

Hammamizga ma`lumki, yurtimizda karantin davrida iqtisodiyotni barqarorligini ta`minlash, aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash uchun davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilab berilishiga qaramasdan ming afsuski, pandemiya holati jiddiy davom etmoqda. Ayniqsa, bu holat fuqarolarimiz daromadlariga salbiy ta`sir ko`rsatayotgani kishini tashvishlantiradi. Ushbu sinovli kunlarda xalqimiz ham ma`naviy, ham iqtisodiy qo`llab-quvvatlashga har qachongidan-da muhtojdir, deb o`z fikr-mulohazalari hamda takliflarini bayon qildi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova.

OTMlarda bu yilgi o`quv jarayonlari yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha katta ehtimol bilan masofaviy usulda olib borilishi rejalashtirilmoqda. Ta`lim berish masofaviy bo`lsa, o`z-o`zidan ta`lim muassasalaridagi xarajatlar ham bir muncha kamayishi tayin.

Bundan tashqari bugungi kundagi pandemiya vaqtida barcha oilalarda bo`layotgan iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, to`lov-kontrakt narxlarini ham pasaytirish lozim. Ta`lim online shaklda olib borilsa, talabalar va ularning ota-onalariga internet to`lovlari ham albatta qo`shimcha xarajat hisoblanadi. To`g`ri online shaklda ta`lim olish talabalar uchun yo`l kira xarajatlari, viloyatlardan kelib Toshkent shahrida va viloyat markazlarida ta`lim olayotgan talabalar uchun yotoq, turar-joy xarajatlari tejalishiga olib keladi. Lekin hozirgi vaziyatni hisobga oladigan bo`lsak, bu tejamkorlik etarli emas. Yuqoridagilardan kelib chiqqan xolda OTMda kontrakt to`lovlarini kamaytirish yoki karantin o`tgunga qadar imtiyozli vaqt berish lozim.

Katta umid bilan aytamizki, kam ta`minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari OTMda to`lanadigan kontrakt-to`lovlaridan ozod qilinsa, bu ularga berilgan katta ishonch va imkoniyat bo`lardi.  

Ikki yoki undan ortiq farzandlari to`lov - kontrakt asosida o`qiyotgan oilalarimiz bor. Xuddi shunday oila farzandlari uchun ham kontrakt to`lovlariga chegirmalar qilib berilsa, qanchadan-qancha oilalarning mushkuli oson bo`lardi. Yoki farzandi super-kontraktda tahsil olayotgan va bugungi kunda pandemiya tufayli daromadidan ayrilgan oilalarga ko`mak va imtiyozlar joriy etilsa, xalqimizning og`iri engib bo`lib, erkin nafas olardi.  

Chunki hozirgi pandemiya sharoitda o`g`il-qizlarimizni ilmli, hunarli bo`lish uchun qancha ko`p imkoniyat hamda sharoit yaratib bera olsak, yurtimiz kelajagi va taraqqiyotiga shuncha ko`p hissa qo`shgan bo`lamiz. Zero, bugungi talabalar ertangi olimlar, shoirlar, rahbarlar yoki vazirlar ekanini unutmasligimiz lozim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1