1

O`zbek adabiyoti yana bir vakilidan judo bo`ldi

Jamiyat 10.08.2020, 08:18
O`zbek adabiyoti yana bir vakilidan judo bo`ldi

Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Sanjar Sodiqov shu yilning 6 avgust sanasida 80 yoshida olamdan o`tdi.

Sanjar Sodiqov 1940 yil 21 iyul kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug`ilgan. Poytaxtdagi ko`zi ojiz bolalar maktab-internatini tamomlagach Toshkent davlat Universiteti, hozirgi O`zbekiston milliy Universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. 1965 yildan to umrining so`nggiga qadar Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston milliy Universiteti, Jahon tillari universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat O`zbek tili va adabiyoti Universitetlarida yoshlarga ta`lim bergan. Olimning «Olamni yashnatuvchilar» (1977); «Abdulla Qahhor ijodi va adabiy tanqid» (1996); «So`z san`ati jozibasi» (1996); «Novaya uzbekskaya literatura Uchebnik dlya studentov fakultetov filologii i jurnalistiki vsshix uchebnx zavedeniy s obucheniem na russkom yazke» (2003); «Ijodning o`ttiz lahzasi» (2005); «Yangi o`zbek adabiyoti tarixi Oliy o`quv yurtlarining sirtqi bo`limlari uchun darslik» (2006); «Mo``jizalar mo``jizasi (Ozod Sharafiddinov portretiga chizgilar)» (2006); «Roman va tanqid» (2008); «Radiojurnalistika asoslari Audiovizual jurnalistika Jurnalistika fakultetlari uchun o`quv qo`llanma» (2010); «Haqiqat va adolat quyoshi» (2011); «Mamlakatshunoslik asoslari Jurnalistika fakultetlari va bo`limlari uchun o`quv qo`llanma» (2012); «Yangicha talqin mevalari» (2013); «Mahorat cho`qqilari (O`tkir Hoshimov ijodi haqida)» (2013); «Jadid adabiyotining qaldirg`ochlari (Behbudiy, Avloniy va Hamza portretiga chizgilar) Darslikka ilova» (2013); «Yangi o`zbek adabiyoti tarixi Oliy o`quv yurtlarining filologiya fakultetlari uchun darslik Qayta ishlangan va to`ldirilgan nashri» (2019) kabi ilmiy adabiyotlari va o`quv qo`llanmalari dunyo yuzini ko`rdi.

Uning adabiyot oldidagi xizmatlari Davlatimiz tomonidan e`tirof etilib, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiysi unvoni bilan taqdirlangan. Sanjar Sodiqov hayotining oxirgi ikki yilida tarjima sohasiga ham qo`l urib, jahon adabiyotida o`ziga xos hodisa hisoblangan yozuvchi Boris Pasternakning «Doktor Jivago» (2018), Ivan Buninning «Arsenev hayoti» (2020) nomli romanlarini o`zbek tiliga tarjima qilib kitobxonlar e`tiboriga havola qildi.

Ustoz Sanjar Sodiqovni Alloh rahmatiga olgan bo`lsin!

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1