O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining 16 iyul kuni o`tkazilgan yig`ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan ta`minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga etkazib beriladigan dori-darmonlar ro`yxati tasdiqlangandi. Shundan kelib chiqib, Toshloq tuman iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan uy sharoitida koronavirus kasalligini davolash uchun tavsiya etilgan dori vositalarining tuman hududidagi dorixonalarda mavjudligi va ularning narxlari yuzasidan jamoatchilik monitoringgi o`tkazildi.
Monitoring natijalariga ko`ra, hududdagi tanlov asosida o`rganilgan dorixonalarda “Gidroksixloroxin 200 mg” dori vositasining yo`qligi qayd etildi. “Askorbin kislotasi”, “Parasetamol 500 mg” va “Azitromisin 500 mg” singari dori vositalari esa mavjudligi, zahira mavjudligi, belgilangan narxlarda sotilayotganligi kuzatildi.
– Biz mazkur jamoatchilik tartibidagi kuzatuv ishlarini tizimli asosda va muntazam o`tkazib kelayapmiz, – deydi tuman jamiyati mutaxassisi U. Mirzaumarov. – Asosiy maqsadimiz xalqimizning karantin sharoitidagi eng zarur dori vositalariga bo`lgan talabini su`iste`mol qilinishini oldini olish ishlariga hissa qo`shishdan iboratdir. Shuning bilan birgalikda, o`rganish ishlari doirasida bugungi kunda aholining talabi yuqori bo`lgan antiseptik vositalar, tibbiy niqob hamda qo`lqoplar dorixonalarga peshma-pesh etkazib berilayotganligini ham ta`kidlab o`tishimiz lozim.
O`zimiz va yaqinlarimizning xavfdan holi bo`lishimiz uchun eng asosiy talab bemaqsad ko`chaga chiqmaslik, boshqalar bilan masofani saqlagan holda muloqot qilish va eng xavfsiz joy o`z xonadonimiz ekanligini unutmasligimizdir.
Husnidaxon Yakubova






