AsosiyJamiyat

Ta`lim krediti olishning tartibi qanday?

'Ta`lim krediti olishning tartibi qanday?'ning rasmi

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Markaziy bank axborot xizmati rahbari Akmal Nazarov ishtirokida brifing o`tkazildi. Unda quyidagi savolga javob berildi.

Savol:

Oilamizdan ikki kishi o`qishga topshirganmiz. Agar shartnoma asosida o`qishga kirsak, to`lash uchun ta`lim krediti olishimizga to`g`ri keladi. Ta`lim krediti olishning tartibi haqida ma`lumot bersangiz.

Javob:

Ta`lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta`lim muassasalarining kunduzgi bo`limlariga to`lov-kontrakt asosida qabul qilingan O`zbekiston fuqarosi bo`lgan talabalarning o`qishi uchun ularning o`ziga, ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.

️Ta`lim kreditlari, oliy ta`lim muassasalarida o`qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga qabul qilingan talabalarga — 10 yilgacha, magistratura bosqichi talabalariga — 5 yilgacha bo`lgan muddatga beriladi.

 Hozirgi karantin davrida ta`lim krediti ajratish xizmatini masofaviy ravishda ko`rsatilishi tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi.

Ta`lim kreditini olish uchun qarz oluvchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

 a) ta`lim krediti berish to`g`risidagi ariza;

 b) talaba va oliy ta`lim muassasasi o`rtasidagi to`lov-kontrakt asosida o`qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma. Ushbu shartnomada o`qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to`lov miqdori ko`rsatilgan bo`lishi lozim.

 g) kreditni qaytarishning ta`minlanishi to`g`risida hujjat;

 d) imtiyozli ta`lim kreditlari olish huquqiga ega bo`lgan chin etimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam ta`minlangan oila farzandlari tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

Kredit qaytmasligi xavfining oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi ta`minlash shakllaridan birini bankka taqdim etishi lozim:

  • ️mol-mulk yoki qimmatli qog`ozlarni garovga qo`yish;
  • ️uchinchi shaxs kafilligi;
  • ️sug`urta kompaniyasining qarz oluvchi kreditni qaytara olmasligi xavfi sug`urta qilinganligi to`g`risidagi sug`urta polisi;
  • ️fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining kafilligi (bu hujjat faqat chin etimlar va “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam ta`minlangan oilalardan chiqqanlar uchun so`raladi).

 Ta`lim kreditini olish tartibi to`g`risidagi batafsil ma`lumotlar Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi 318-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy o`quv yurtlarida to`lov-kontrakt asosida o`qish uchun ta`lim kreditlari berish to`g`risidagi nizom”da va tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida keltirilgan.

    Boshqa yangiliklar