1

Bank o`tgan oylar uchun ham kreditga qo`shimcha to`lov talab qilishga haqlimi?

Jamiyat 12.08.2020, 12:18
Bank o`tgan oylar uchun ham kreditga qo`shimcha to`lov talab qilishga haqlimi?

Xabaringiz bor, pandemiya tufayli jismoniy shaxslar uchun kreditlar 1 oktyabrga qadar uzaytirilgan edi. Lekin, bankdan hozirgi oydagi kredit to`loviga qo`shib, o`tgan oylar uchun ham to`lov qilish so`ralayotgani haqidagi xabarlar ko`payib bormoqda. Agarda bank shunday talab qilayotgan bo`lsa, bu qanchalik to`g`ri?

– Prezidentimizning joriy yil 3 aprelda qabul qilingan farmoni asosida yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo`yicha to`lovlar 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirilishi hamda yakuniy to`lovlar muddatlarining berilgan imtiyozli davrga mos ravishda uzaytirilishi belgilangan, –deydi Markaziy bank departament direktori Akmal Nazarov. – Shuningdek, qarzdorlar pul oqimlari foiz to`lovlarini qoplash uchun etmagan taqdirda, foiz to`lovlarini ham kechiktirish bo`yicha Markaziy bank tijorat banklariga tavsiyalar berdi.

Biroq bu kechiktirish davridan (ya`ni 2020 yil 1 oktyabrdan) keyin yig`ilgan to`lovlar bir martada to`lanishi kerakligini anglatmaydi. Ya`ni karantin vaqtida kechiktirilgan kredit to`lovlari yakuniy to`lovlar muddatlarining uzaytirilganligini hisobga olgan holda, to`lov jadvalining qolgan davriga teng ravishda taqsimlanadi.

Bundan tashqari, qat`iy karantin cheklovlarining dastlabki (aprel-may) oylarida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, ijtimoiy masofalanishni ta`minlash maqsadida qarzdor-jismoniy shaxslardan arizalarni qabul qilib olishga hamda ular bankka tashrif buyurishiga imkoniyat bo`lmagani sababli aksariyat banklar, ya`ni 24 ta tijorat banki o`z tashabbusiga ko`ra jismoniy shaxslarning kreditlari bo`yicha to`lovlarni 2-3 oyga avtomatik tarzda kechiktirishi haqida ma`lum qilgan edi.

Bunda ba`zi banklar avtomatik tarzda kechiktirilgan kredit to`lovlarini qolgan davrlarga teng taqsimlagan bo`lsa, ayrim banklar yakuniy to`lov davridan keyingi oylarga taqsimlagan.


Shu bilan birga, ushbu berilgan 2-3 oylik davr yakunlanganidan so`ng qarzdor-jismoniy shaxsning moliyaviy holati va pul oqimlari tiklanmagan taqdirda, tijorat banklari kreditlar bo`yicha to`lovlarni yana qo`shimcha davrga (ya`ni 2020 yil 1 oktyabrga qadar) kechiktirish masalasini ko`rib chiqishi mumkin.

Qayd etish kerakki, Markaziy bank tijorat banklariga karantin cheklovlari daromadlariga salbiy ta`sir etgan mijozlarning kredit to`lovlari muddatini ularning murojaatiga ko`ra uzaytirishni tavsiya etadi. Bunda kreditlarni qaysi davrgacha olganlik bilan bog`liq hech qanday cheklovlar o`rnatilmagan.

Ammo, kelgusida qarz miqdori oshib ketishining oldini olish maqsadida joriy davr uchun kredit bo`yicha to`lovni amalga oshirishga moliyaviy imkoniyati bo`lgan qarzdorlarga o`z kreditini shartnomada belgilangan muddatlarda so`ndirishi maqsadga muvofiq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1