AsosiyJamiyat

Prezident: Yoshlar yangi g`oyalar va ijodiy ruhdagi sa`y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir

'Prezident: Yoshlar yangi g`oyalar va ijodiy ruhdagi sa`y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta`kidlaganidek, kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror bo`lishi uchun yangi g`oyalar va ijodiy ruhdagi sa`y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir. Bu fikrlar davlatimiz rahbarining bugun, 2020 yil 12 avgust soat 13.00 da o`z ishini boshlagan Inson huquqlari bo`yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga yo`llagan tabrigida yangradi.

"Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi forumning ochilish marosimidaO`zbekiston Prezidentining tabrigini O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboeva o`qib eshittirdi.

 Prezident Shavkat Mirziyoev o`z tabrigida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga O`zbekistonning mazkur forumni o`tkazish to`g`risidagi tashabbusini qo`llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildiradi.

 O`zbekiston Prezidenti, shuningdek xalqaro anjuman ishida ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YuNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migrasiya bo`yicha xalqaro tashkilot, Parlamentlararo ittifoq, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari va boshqa xalqaro sheriklarimizga tashakkur izhor etdi.

"BMTning Yoshlar strategiyasida ta`kidlanganidek, “yoshlar siymosida eng qimmatli va o`ta muhim resurslar mujassam topgan bo`lib, unga har qancha investisiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda bo`lib qaytadi”. Men g`oyat muhim ushbu fikrga to`liq qo`shilaman", deb qayd etdi o`z tabrigida O`zbekiston rahbari.

"Shu yilning boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog`liq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala bo`lib kelmoqda. Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng ko`lamli chora-tadbirlar ko`rilishini talab etadigan ko`plab muammolarga to`qnash keldi.

Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini ta`minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur", deyiladi O`zbekiston Prezidentining tabrigida.  

Tabrikda ta`kidlanganidek, "Aholisining yarmidan ziyodini yoshlar tashkil etadigan O`zbekistonda ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta`minlash davlat siyosatining ustuvor yo`nalishi etib belgilangan".

Shu munosabat bilan, Prezidentimiz tabrigida qayd etilganidek, "BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O`zbekiston tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyaning qabul qilinishi jahondagi ikki milliarddan ortiq yigit va qizlarning haq-huquqlarini ta`minlashda muhim ahamiyatga egadir. U yosh avlodni ma`rifiy ruhda tarbiyalash, ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, o`z salohiyatini ro`yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo`llab-quvvatlanmoqda".

 Davlatimiz rahbari, shuningdek "bugungi Forum ishtirokchilari ham ana shu tashabbusni qo`llab-quvvatlaydilar, hujjat loyihasini o`z amaliy takliflari bilan boyitadilar", deb ishonch bildirdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Inson huquqlari bo`yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga murojaatini BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash bo`yicha boshqarmasi (YuNODS) mintaqaviy vakili, BMT Doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Ashita Mittal o`qib eshittirdi.

BMT Bosh kotibi o`z tabrigida Inson huquqlari bo`yicha Samarqand veb-forumini tashkil etgani uchun O`zbekiston Hukumatiga minnatdorchilik bildirdi va ushbu forum Xalqaro yoshlar kunida o`tkazilayotganiga alohida e`tibor qaratdi. 

"Forumning "Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari”deb nomlangani yoshlar vakillarining ijtimoiy hayotda va qarorlar qabul qilish jarayonlarida yanada keng ishtirok etishi uchun ko`maklashishga qaratilgan", deb qayd etdi BMT Bosh kotibi. – "Siyosiy jarayonlarning adolatparvarligini oshirish, yanada sifatli va barqaror siyosatni ishlab chiqish hamda yoshlar o`rtasida jamoat muassasalariga nisbatan ishonchni tiklash uchun bu juda muhimdir. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hukumatlarning yoshlarga doir siyosatni ishlab chiqish borasidagi sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlaydi, chunki bu navqiron insonlarga ijtimoiy va siyosiy qarorlar qabul qilish hamda rivojlanishning yoshlar manfaatlarini ham ko`zda tutadigan strategik maqsadlarini belgilashda mustaqil ishtirok etish imkoniyatini beradi".

BMT Bosh kotibi ta`kidlaganidek, "Navqiron insonlarning sa`y-harakatlari iqlim inqirozi, inson huquqlari himoyasi, nizolarni bartaraf qilish va hal etish kabi o`ta muhim global muammolarga echim topishning ustuvor omili hisoblanadi".

Antoniu Guterrish, shuningdek bugungi dunyoning holatini ko`p jihatdan COVID-19 inqirozi belgilab berayotgan sharoitda "pandemiya dunyo talabalarining 90 foizdan ortig`ini ta`lim olishdan uzib qo`ydi va oqibatda ta`lim sohasidagi shusiz ham mavjud bo`lgan tengsizlik yanada qaltislashdi hamda global inqiroz murakkab tus oldi", deb o`z tashvishini bildirdi. Ayni chog`da, uning ta`kidlashicha, "garchi ta`lim pandemiyaning yaqqol qurboni hisoblansa-da, u uzoq muddatga mo`ljallangan tiklanish va barqaror rivojlanishning kalitiga ham aylanmoqda". Shu munosabat bilan Murojaatdan mazkur Forumning barcha ishtirokchilarini va butun dunyodagi jami yoshlarni "Kelajagimizni asrab qolaylik" nomli ta`lim kampaniyasiga qo`shilishga chorlov o`rin olgan.

"Istiqbolga nazar solgan holda, keling, dunyodagi barcha navqiron insonlarning huquqlari va orzu-umidlarini himoya qilish va qo`llab-quvvatlash ishiga sodiq bo`lib qolaylik", deyiladi BMT Bosh kotibining Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaati yakunida.

Shuni qayd etish kerakki, Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchisi O`zbekiston Hukumati hisoblanadi. Xalqaro anjumanni o`tkazish mas`uliyati Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan.

Forum BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy bo`limi, BMT Taraqqiyot dasturi, Evropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari bo`yicha byurosi, EXHTning O`zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi kabi bir qator xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda o`tkazilmoqda.

 

Inson huquqlari bo`yicha 

O`zbekiston Respublikasi 

Milliy markazining 

matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar