AsosiyJamiyat

84 nafar fuqaro ishlash uchun Rossiyaga jo`nab ketdi

'84 nafar fuqaro ishlash uchun Rossiyaga jo`nab ketdi'ning rasmi

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan xorijiy mamlakatlardagi mehnat migrantlarining mavjud ish o`rinlarini saqlab qolish, vaqtincha ishsiz qolgan yurtdoshlarimizni ular bo`lib turgan mamlakatlarning pandemiyadan nisbatan kamroq zarar ko`rgan boshqa hududlariga va karantin cheklovlari sababli chet elga ishga ketolmagan fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish bo`yicha amaliy choralar ko`rilmoqda deyiladi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi matbuot kotibining xabarida. 

Uning aytishicha, yaqinda Rossiya Federasiyasining Neft va gaz ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish instituti raisi o`rinbosari D.Mishchenko boshchiligida qator ish beruvchi kompaniyalar vakillaridan iborat delegasiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 4200 nafar fuqaroni yirik qurilish ob`ektlariga ishga jalb qilish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, transport, ishlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, ish haqi va boshqa masalalar bo`yicha kelishib olingan edi.

Ushbu kelishuvga muvofiq, bugun 84 nafar yurtdoshimiz Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali jo`nab ketdi. Ma`lumot uchun aytish mumkinki, birinchi navbatda asosan mazkur zavodda avval mehnat qilib ish tajribasiga ega bo`lgan O`zbekiston fuqarolari ishga jalb qilinmoqda.

Ularning transport, ovqatlanish, patent va yashash xarajatlari, agarda ishchida kasallik aniqlansa, uning davolanishi ish beruvchi kompaniyalar tomonidan ta`minlanishi, shuningdek, oylik ish haqi o`rtacha 40-60 ming rublni tashkil etishi belgilangan.

Yurtdoshlarimiz 14 kunlik karantindan so`ng belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish ob`ektlarida ish boshlaydi.

Joriy yilning 31 iyul kuni 144 nafar fuqaro tashkillashtirilgan holda mazkur zavod qurilishida ishlash uchun charter reys orqali uchib ketgan edi. 
 

Ta`kidlanishicha, yil yakuniga qadar 4000 dan ortiq fuqarolarning mazkur qurilish ob`ektiga ishga jalb qilinishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar