AsosiyJamiyat

Joriy o`quv yilida 1200 ta maktabda elektron kundalikdan foydalaniladi

'Joriy o`quv yilida 1200 ta maktabda elektron kundalikdan foydalaniladi'ning rasmi

Xalq ta`limi vazirligining ma`lum qilishicha, bu yilgi yangi o`quv yilidan boshlab Respublikamizning 1200 ta maktabida qog`oz kundaliklar va jurnallar bekor qilinadi. 

Bu bir tomondan o`qituvchilarni qog`oz jurnallarni to`ldirish va hisobotlarni qo`lda yozishga ketadigan vaqtlarini iqtisod qilish bilan birga ota-onalar va maktab orasida elektron hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko`tarishga xizmat qiladi.

Elektron kundalik sizlarga onlayn rejimda maktabdagi barcha voqealar va farzandingizning baholaridan xabardor bo`lish, sinf rahbarlari va boshqa o`qituvchilar bilan aloqani ushlab turish hamda bolaga ta`lim jarayonidagi qiyinchiliklarni engib o`tishiga o`z vaqtida yordam berish imkonini yaratadi.

Kundalik.com TAS-IX zonasida joylashgan bo`lib, platforma bilan ishlaganda barcha operatorlar, jumladan mobil operatorlar tomonidan internet-trafik sarflanmaydi. Foydalanuvchilar haqidagi hamma ma`lumotlar “O`zbektelekom” serverlarida saqlanadi. Bu ta`lim jarayonining barcha ishtirokchilari haqidagi shaxsiy ma`lumotlar ishonchli himoya ostida ekanini bildiradi.

Ushbu tizimga to`liq o`tish orqali, ota-onalar sinf rahbari bilan Telegram va boshqa messenjerlar orqali bog`lanishiga xojat qolmaydi, natijada unga ketayotgan trafik ham iqtisod qilinadi va Telegram orqali shaxsiy ma`lumotlarni tarqab ketishi oldi olinadi.

Qator tadqiqotlarga ko`ra, ota-ona nazoratini his qiladigan bolalarning o`qishga qiziqishi yuqori bo`ladi, ular darslarda faolroq qatnashadi hamda o`z iste`dodlari va salohiyatini ko`proq namoyish etadi.

Oxirgi 2 yilda o`qituvchilar uchun majburiy bo`lgan 7 ta hujjat o`rniga, faqat shu 1 dona elektron jurnal tizimi bilan ishlash bo`yicha imkoniyat yaratildi. Qog`ozdan butunlay voz kechib, elektron jurnalga o`tilishi o`qituvchining ham ishini engillashtiradi va vaqtini tejash imkonini beradi. Tejalgan vaqtni o`qituvchi o`quvchilar bilan ijodiy ishga yoki o`zining kasb mahoratini oshirishga sarflashi mumkin.

Xalq ta`limi vazirligi 2020-2021 o`quv yili boshlanishidan oldin Toshkentdagi barcha hamda viloyatlardagi mingga yaqin maktab o`quvchilarning ota-onalariga qog`oz kundalik xarid qilish o`rniga uning elektron muqobili Kundalik.com'ga obuna bo`lish zarurligini ma`lum qiladi. Elektron Kundalik joriy etilayotgan Respublikaning qolgan hududlaridagi maktablardagi ota-onalarga maktab ma`muriyati tomonidan bu haqda e`lon qilinadi.

Kundalik.com'ga obuna bo`lish bahosi qog`oz kundalikning o`rtacha bahosiga teng (bir yilga 10 ming so`m). Dastlabki oy davomida ota-onalar tizimdan sinov tariqasida foydalanish imkoniyati mavjud.

    Boshqa yangiliklar