So`nggi paytlarda OAVda, jumladan internet, ijtimoiy tarmoqlar va telegramm kanallarda “Koronavirusga qarshi preparat yanada arzonroq va qulayroq. “TISOVIR” (favipiravir) keng ta`sir doiradagi virusga qarshi preparat!” reklama videoroligi keng tarqalgan bo`lib, bu ko`plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e`tirozlariga sabab bo`lmoqda.
Shu munosabat bilan Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi quyidagilarni ma`lum qiladi:
“Reklama to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan, shifokorning ko`rsatmasi (resepti) bo`yicha beriladigan dori vositalari hamda tarkibida giyohvandlik vositalari va (yoki) psixotrop moddalari bo`lgan dori vositalarini reklama qilish taqiqlanadi.
Resept bilan beriladigan dori vositalarining reklamasiga faqat dori-darmon vositalarini tayinlash va tarqatish huquqi bo`lgan mutaxassislar tomonidan farmasevtika sohasiga oid ma`lumot-axborot markazlari yordamida, ixtisoslashgan maxsus nashrlarda, konferensiya, simpiozum, ko`rgazmalarda yo`l qo`yiladi.
Ommaviy axborot vositalarida faqatgina shifokor reseptisiz beriladigan dori vositalarini reklama qilishga ruxsat etiladi, bunda, shifokor reseptisiz beriladigan dori vositalari reklamasi tushunarli tilda bayon qilinishi, dori vositasining to`liq nomi (shu jumladan, xalqaro farmakologik nomi) va ishlab chiqaruvchisining nomi hamda dori vositasidan foydalanish haqidagi axborot va uni qo`llash uchun asosiy ko`rsatmalardan iborat bo`lishi lozim.
Shu bilan birga, dori vositalari, davolash usullari, umuman, inson salomatligi bilan bog`liq bo`lgan reklamalar iste`molchilarda shifokor ko`rigidan o`tish va uning ko`rsatmalariga zarurat mavjud emas, degan fikrni shakllantirmasligi lozim.
Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan “TISOVIR” (favipiravir) keng ta`sir doiradagi virusga qarshi preparat! U barcha RNK tipidagi viruslarni, shu jumladan, SARS-Co-V2 yangi koronavirus infeksiyasi qo`zg`atuvchisini (Covid-19) ingibirlaydi. “TISOVIR” (favipiravir) O`zbekiston Respublikasi va boshqa etakchi davlatlarning SARS-Co-V2 ga qarshi davolash standartlarida mavjud” mazmunida reklama axborotlari joylashtirilganligi kuzatildi.
birinchidan, ushbu dori vositasi shifokor resepti asosida beriladigan preparat hisoblanadi. Shu munosabat bilan, uni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik uchun reklama qilish mumkin emas.
ikkinchidan, reklamada qo`llanilgan “keng ta`sir doiradagi virusga qarshi preparat! U barcha RNK tipidagi viruslarni, shu jumladan, SARS-Co-V2 yangi koronavirus infeksiyasi qo`zg`atuvchisini (Covid-19) ingibirlaydi” iborasi umuman (ilmiy, amaliy) asoslanmagan, ya`ni noto`g`ri reklama hisoblanadi.
Yuqoridagilarga asosan, “TISOVIR” (favipiravir) dori vositasi reklamasi amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda joylashtirilgan.
O`z navbatida Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalarida (televidenie, radio, bosma nashrlar), internet va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklama axborotlarining reklama to`g`risidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan doimiy ravishda monitoring kuzatuvlari o`tkazish hamda tegishli tezkor ta`sir choralarini ko`rish yo`lga qo`yilgan.
Xususan, joriy yilning iyun-iyul oylari davomida ijtimoiy tarmoqlarda 30 ta holatda biologik faol qo`shimchalar (BAD) reklamasi amaldagi reklama qonun hujjatlari talbalariga zid ravishda amalga oshirilayotganligi aniqlanib, ko`rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ular faoliyatiga chek qo`yilgan (reklamalar bartaraf etilgan).






