Pandemiya davrida joylashtirish vositalarining yuklamasi keskin tushib ketishi va aksariyat hollarda ular faoliyatining to`xtatilganligi sababli Prezidentning 28 maydagi «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta`sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo`llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmonining 2-bandiga muvofiq, turistik (mehmonxona) yig`imni hisoblash va to`lash 2021 yilning 1 yanvarigacha bo`lgan muddatga to`xtatildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati ma`lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi «O`zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga ko`ra, mazkur yig`im joylashtirish vositalari (mehmonxonalar) tomonidan byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo`llab-quvvatlash jamg`armasiga o`tkaziladi.
Turistik yig`imdan tushgan mablag`lar O`zbekistonning turizm salohiyatini keng targ`ib qilish, turizm infratuzilma ob`ektlarini tashkil etish bo`yicha investisiya loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash, turizm sohasida kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash, hududlardagi salohiyatli turizm ob`ekti va maskanlarini birlamchi choralarni ko`rgan holda sayyohlar tashrifi uchun tayyorlash maqsadlariga ishlatiladi.
Turistik yig`imni hisoblash va to`lashning 2021 yil 1 yanvargacha to`xtatilishi yuqoridagi farmon bilan joylashtirish vositalari uchun taqdim qilingan boshqa imtiyoz va engilliklar qatorida pandemiya tufayli vujudga kelgan murakkab iqtisodiy vaziyatda xorijiy fuqarolar tomonidan mehmonxonalarga amalga oshiriladigan to`lov miqdorini kamaytiradi va ko`rsatilgan muddatgacha pandemiyadan keyingi davrda faoliyatlarini qayta tiklab olishlarida engillik tug`diradi.






