AsosiyJamiyat

Erto`lada yashab kelayotgan oilaning uy-joy borasidagi muammosini senatorlar hal etadi

'Erto`lada yashab kelayotgan oilaning uy-joy borasidagi muammosini senatorlar hal etadi'ning rasmi

Shu kunlarda poytaxtimizdagi ko`p qavatli uylarning erto`lasida yashab kelayotgan oila haqida videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.    

Unda aytilishicha, ko`chada qolgan ona yordamga muhtoj bo`lib, Sergeli tumanidagi “Yangi Choshtepa” mahallasi “O`zar” ko`chasi 14-uy erto`lasida uch oylik chaqalog`i va onasi bilan birga yashab kelmoqda.

Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi Botir Matmuratov hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Nosirbek Abdullaxanov mazkur masalani joyiga chiqib o`rgandi.

Ma`lum bo`lishicha, 1996 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan fuqaro A.Inog`omova poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanida doimiy ro`yxatda turadi. Biroq uyi yo`qligi sababli onasi U.Inog`omova bilan ruhiy kasalliklar bo`yicha dispanser nazoratida turadigan opasi N.Po`latovaning  Sergeli tumanidagi “Yangi Choshtepa” mahallasi “O`zar” ko`chasi 14-uyida istiqomat qilgan. Bir xonali uyda yashab turgan paytda yuzaga kelgan o`zaro kelishmoqchilik sabab opasi ularni uyidan haydaydi. Oqibatda u uch oylik farzandi va onasi bilan erto`lada yashab turishga majbur bo`lgan.

A.Inog`omova Mirzo Ulug`bek tuman hokimligiga va boshqa bir qator tegishli idoralarga murojaat qilgan. Ammo hech qanday natija bo`lmagan.

Oliy Majlis Senati a`zolari ushbu masala yuzasidan MFY raisi, mahalla faollari, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar bilan suhbatlashdi hamda ularga tegishli ko`rsatmalar berdi.

A.Inog`omovaning muammosi qonuniy ko`rib chiqilishi uchun ma`lum muddat talab etilishi tabiiy. Shu bois, unga hozirda vaqtinchalik yashab turishi uchun ushbu hududdagi xonadonlardan birida sharoit yaratildi va ijara haqi to`lab berildi.

Mazkur masala senatorlar tomonidan nazoratga olinib, ijobiy hal etiladigan bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar