1

“Endi hammasi tamom, deb o`ylagandim”. “temir daftar”dan chiqish arafasida turgan Rohatoy opaning kechinmalari

Jamiyat 12.08.2020, 20:39
“Endi hammasi tamom, deb o`ylagandim”. “temir daftar”dan chiqish arafasida turgan Rohatoy opaning kechinmalari

Unga shu paytga qadar ham mahalladan ijtimoiy yordam bo`lib turgan. Lekin bu darajada emas. U bugun yaxshi daromad olishga erishdi. Yaxshi insonlar va to`g`ri ijtimoiy siyosat uni umidsizlikdan chiqardi...

Namangan viloyatining Namangan tumanida yashovchi Mallaboeva Rohatoy opaning 17, 11 va 9 yoshli uch farzandi bor. Turmush o`rtog`i Rossiya davlatiga ishlash uchun ketib pandemiya ta`sirida uyoqda ham ishlari yurishmay, uyiga pul jo`natolmay qoladi. Rohatoy opa esa hech qaerga ishlamaydi, bolalariga esa non kerak...

“Karantin juda qattiq, holatim juda og`ir payt edi”

May oyi edi. Karantin juda qattiq, holatim juda og`ir payt edi. Endi hammasi tamom, deb o`ylagandim. Hovlimda yig`lab o`tirgandim, tuman prokurori mahalla faollari bilan kirib kelishdi. Ahvol so`rashdi va menga umid berishdi. Ularni menga Xudo etkazdi! Shundan keyin menga tovuq berishdi. Hozir tovuqlarim 9-10 ta tuxum beradi. Bepul 1 sotixli issiqxona qurib berishdi. Unga bodring ekdik. Kreditga 2 ta golland sigiri olib berishdi. Ulardan kuniga 6 litr sut olaman. 2 oy oldin 300 ta bedana ham berishdi. Ular kuniga 40 000 – 50 000 so`mlik tuxum berishadi. Men “nol”ga tushib qolgandim, hozir ahvolim ancha yaxshi”, - deydi bugungi hayotidan mamnun ko`zlariga yosh olib Rohatoy opa.

Mas`ullar ko`magi bilan oylik 3-4 million so`mdan ortiq daromad olish imkoni yaratildi

Mahalla mas`ullarining yordami bilan Obodanlashtirish bo`limiga ishga joylashtirilgan Rohatoy opa u erdan ham 700 000 so`mdan ortiq oylik maosh oladi. Shuningdek, farzandlari uchun 14 yoshgacha bo`lgan farzandlar nafaqasini ham. Birovning cho`ntagini hisoblash ahloq me`yorlariga to`g`ri kelmas, ammo umidsizlikka tushib qolgan bir oilaga bugun mas`ullar ko`magi bilan oylik 3-4 million so`mdan ortiq daromad olish imkoni yaratildi.

“Endi Rossiyadan keladigan pullarga ehtiyojimiz ham yo`q”

Ancha o`zimizni tiklab oldik. Endi Rossiyadan keladigan pullarga ehtiyojimiz ham yo`q, u pullar yig`iladi. Qurbon hayiti uchun ham bir million so`m berishdi. Bu pulga issiqxonamiz uchun suv tizimini o`rnatib oldik. Xudo xohlasa, bodring hosilga kirgach, yanayam ahvolimiz yaxshilanadi”, - deya Rohatoy opa Prezidentimiz va barcha mas`ullarni duo qildi.   

Bunday olib qarasa, Rohatoy opaga berilgan yordam miqdori juda katta mablag`larni talab etmagan. Shunchaki, holatga to`g`ri yondashilib, yuqori samaradorlikka erishilgan. “Rohatoy opa ham endi “temir daftar”dan chiqarilishi arafasida”, - deydi Namangan tumani hokimining 1-o`rinbosari A`zamjon Ahmadaliev. 

Vaziyatning bevosita guvohi sifatida tushkunlikka tushgan oilaga umid berib, bugun ma`lum daromad manbaiga ega bo`lishlariga ko`maklashgan mas`ullar xizmatiga tasanno aytasan kishi. Rohatoy opaning esa endi tadbirkorligini rivojlantirib, oilasining iqtisodiy ahvolini yanada tiklab ketishidan umidvormiz.

 

Sardorbek Rahmonqulov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1