Feysbuk ijtimoiy tarmog`i foydalauvchilaridan biri Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasida vaziyat yomonligi, bemorlarga qarov yo`qligi haqida video e`lon qilgan.
Toshkent viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi ushbu videoni Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasi va viloyat sog`liqni saqlash tizimi faoliyati bo`yicha tuhmat va bo`htonlar yog`dirish maqsadida tarqatilgan deb hisoblab, quyidagilarni ma`lum qildi:
"Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasining markaziy shifoxona hududidagi “A” blogida tashkil etilgan gospitalda ayni paytda 120 nafar bemor davolanmoqda. Shularning 9 nafari sog`ayib, o`z uylariga javob berilgan. O`zini bloger deb tanishtirgan fuqaro feysbuk ijtimoiy tarmog`i orqali tarqatgan videoroligida gospitaldagi ahvolni noto`g`ri talqin etadi.
Shu o`rinda ta`kidlaymizki, ushbu videorolikdagi barcha fikrlar, shular qatorida kasalxonada tibbiyot avtoulovlari yo`qligi, bundan tashqari, – “o`lsang o`lib ketavermaysanmi”, “Chirchiq shahrida mashina yo`q ekan go`yoki”, degan fikrlar mutlaqo noto`g`ri.
Aytish o`rinliki, O`zbekistonda ham koronavirus pandemiyasi avj pallasida bo`lgan bir paytda tibbiyot xodimlari yakdillik bilan kurash olib bormoqda. Ularning jasorati alohida e`tirofga loyiq. Xizmat vazifasini bajarish davrida koronavirus yuqtirib vafot etayotgan shifokorlarimiz ham bor.
Shuningdek, o`z hayotini xatarga qo`yib o`ta og`ir mas`uliyatli vazifani bajarayotgan tibbiyot xodimlarining mehnati har qanday maqtovga loyiq. Afsuski, ana shunday fidoyi shifokorlarga rahmat aytish o`rniga ayrim blogerlik nomi ostida ish olib borayotgan fuqarolar tomonidan savodsizlarcha tuhmat, haqoratlar yog`dirish holatlari uchrayapti.
Ayniqsa, koronavirusga chalingan minglab xalqimizni davolab, oilasi bag`riga qaytarayotgan O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash tizimini “chirigan” deya haqorat qilishga haqi bormi? Bu so`zlar uchun muallif qonun oldida javob berish kerak emasmi?
Toshkent viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i lavozimida samarali ishlab kelayotgan, tibbiyot fanlari doktori To`raqul Sodiqovich Arziqulovga nisbatan haqoratli “yaramas” so`zini ishlatilishini qanday baholash mumkin?! Bunday so`zni ishlatishga shu kimsaning haqi va asosi bormi aslida? Yana boshqarma boshlig`ining aybi bilan 3 nafar bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida oksigenirator bermaganligi sababli o`lgan deya tuhmat qilingan.
2020 yil 9 avgust kuni viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori G.Yuldashevaning so`zlari asossiz ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar, dalillar bilan to`la asoslangan holda “Kun uz” sayti muxbiriga taqdim etildi va maqola ijtimoiy tarmoqlarda keng e`lon qilindi.
Shunday bo`lishiga qaramasdan Toshkent viloyati sog`liqni saqlash tizimi, pandemiyaga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari mehnatiga qarata tuhmatlar uyushtirish davom etayapti. Bu qachongacha davom etarkin? Mana shunday fuqarolar tomonidan o`zini bloger sifatida ish tutishlari, noto`g`ri ma`lumotlar tarqatishlari, albatta, bu bilan ular blogerlik nomiga dog` tushirmayaptimikan?"
- deyiladi Toshkent viloyati Cog`liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan munosabatda.






