Internet tarmoqlarida “Vatan uchun qurbon bo`lgan IIB xodimining muhtoj oilasiga nega yordam ko`rsatilmadi?” sarlavha ostida maqola e`lon qilindi.
Unda keltirilishicha, 2000 yil antiterror tadbirlarida yurt tinchligini ta`minlash yo`lida qurbon bo`lgan serjant Ikrom Saidahmedovning bevasi Barno opa, II guruh nogironi bo`lgan o`g`li Saidolim ayni kunda qiynalib yashayotgan bo`lishiga qaramasdan pandemiya davrida muhtoj oilalarni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan “temir daftar”ga kiritilmagan. Ushbu oila moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlanmagan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi mazkur masalani o`rganib, o`z nazoratiga oldi hamda tegishli mutasaddilarga ko`rsatma berdi.
Ta`kidlash joizki, Ichki ishlar sobiq serjanti Saidahmedov Ikromjon Satimboevich Toshkent viloyati IIB Yong`in xafsizligi boshqarmasiga bevosita bo`ysunuvchi 18-yong`in xavfsizlik qismi katta yong`in o`chiruvchisi lavozimida 1996 yilning mart oyidan 2000 yilning sentyabr oyiga qadar xizmat qilgan.
2000 yilning 23 sentyabr kuni Bo`stonliq tumani tog`li hududlarida o`tkazilgan “Antiterror” tadbirida yong`inni o`chirish vaqtida alanga ichida qolib ketgan va jarohatlanishiga qaramay, fuqarolar xavfsizligini ta`minlash va davlat mulkini saqlash yo`lida halok bo`lgan.
Vafotidan so`ng, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 12 yanvar kunidagi Farmoniga asosan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
2020 yil 12 avgust kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi aralashuvi bilan marhumning oila a`zolari holidan xabar olindi. Ularga 1 mln. so`m miqdorida naqd pul shaklida moddiy yordam, oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berildi. Shu bilan birga, hozirda B.Saydahmedova va uning o`g`li II guruh nogironi Saidolim Bo`stonliq tuman tibbiyot birlashmasida davolanishi, davo muolajalari tugagach, ularni ish bilan ta`minlash masalasi ham ijobiy hal etildi. Qolaversa, Bo`stonliq tuman hokimligi tomonidan ushbu oila “temir daftar”ga kiritilib, moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlanadigan bo`ldi.
Shu o`rinda qayd etish joizki, Vatan uchun jonini fido qilgan, Yurt tinchligi yo`lida qurbon bo`lgan mard va jasur o`g`lonlarimizning jasorati va qahramonligini har qancha ulug`lasak arziydi. Ularning xotirasini yod etib, oilasi holidan xabar olish xalqimizga xos ezgu qadriyatlardandir. Zotan, mard o`g`lonlar jasorati aslo unutilmaydi.






