Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Kimyo va biologiya yo`nalishlarida uzluksiz ta`lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida Kimyo va biologiya fanlarini uzluksiz ta`limda o`qitish borasida belgilangan vazifalarni sharhlab, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Botir USMONOV “yuz.uz” sayti muxbiriga quyidagilarni so`zlab berdi.
— Qarorda ko`zda tutilgan ikki asosiy jihatdan biri — maktablarda tabiiy fanlarga yo`naltirilgan variativ o`quv rejalari joriy etilishi belgilanmoqda. Ya`ni maktablarda asosiy o`quv rejasidan tashqari, kimyo va biologiyaga qiziqqan yigit-qizlar bitta sinfga jamlanib, ularga ushbu fanlarni ko`proq o`qitishga maktablarga imkoniyat beriladi. Ikkinchisi, maktablarda kimyo-biologiya fanlarini o`qitish dasturi ko`rib chiqiladi. Lekin birinchi bosqichdagi eng asosiy ish bu — birinchi va oltinchi sinflarda tabiiy fanlarni o`qitishning yo`lga qo`yilganidir. Tabiiy fanlar yagona bir jamlanmaga olinadi, yagona sciense yoki “tabiiy fan” degan fan doirasida umumlashtiriladi, mantiqiy ketma-ketlik ta`minlanadi. Darslikni yozayotgan mutaxassis yoki o`qituvchi o`z metodini qo`llashi mumkin. Tabiiy fanlar 6-sinfgacha yagona, ya`ni bitta fan doirasida o`qitiladi. 7 sinfdan keyin esa biologiya, kimyo, fizika, geografiya fanlari alohida ajratilib o`qitiladi.
Qarorga muvofiq, kimyo va biologiya fanlarini o`qitishning to`rt yil davomida yagona tizimini yaratish belgilanmoqda. U qanaqa bo`ladi? Maktablarning eng iqtidorli bolalari 150 ta tuman va shaharlarda tashkil etiladigan ixtisoslashgan maktablarga saralab olinadi. 150 ta tuman va shaharda ixtisoslashgan kimyo va biologiya maktablari tashkil etiladi. Bundan tashqari har bir viloyatda 14 ta tayanch maktab tashkil etiladi. Ularda viloyatning eng iqtidorli bolalari tahsil oladi. 4 yil davomida 164 ta ixtisoslashgan maktab tashkil etiladi. Ularda bolalar kimyo va biologiya yo`nalishi bo`yicha maqsadli o`qitiladi.
Ixtisoslashgan maktablarni moliyalashtirishning tartib-qoidasi bor. 164 ta maktab uchun mingga yaqin kimyo va biologiya o`qituvchilar kerak bo`ladi. Ularning oyligiga 50 foiz ustama belgilanmoqda. Bundan tashqari, bu maktablarning faoliyatini yuritish, moddiy-texnika bazasini yaxshilash va boshqa maqsadlar uchun har bir viloyatda 14 ta maxsus jamg`arma tashkil etilishi belgilangan. Unga asosan davlat va mahalliy byudjet mablag`lari jalb etiladi. Jamg`arma filiali ixtisoslashgan maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, yangi bino qurish, laboratoriyalarni jihozlash kabi maqsadlarga yo`naltiriladi. Va yana har bir maktabga oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari biriktiriladi. Ular maktablarga metodik jihatdan yordam beradi. Shuningdek, yirik xo`jalik tarmoqlari shu maktablarga moliyaviy jihatdan ko`mak berishi ko`zda tutilgan.